Jizzaxda ham sel keldi - foto

Jizzax viloyatida sel kelishi oqibatida 4ta qishloqning bir necha uylariga suv kirgan, FVV qutqaruvchilari va maxsus texnika aholiga yordam bermoqda.
Sputnik

TOShKENT, 14-may - Sputnik. Bugun Jizzax viloyatida ham sel kelib bir necha xonadonga suv kirdi, deb xabar qilmoqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi. 

"14 may kuni Jizzax shahri va Sharof Rashidov tumanlari hududida kuchli yog‘ingarchilik kuzatildi. Natijada "Oqqo‘rg‘onlik", "Tinchlik", "H.Olimjon", "Ulug‘bek" hamda "Ziyokor" mahallalarida yomg‘ir suvlari to‘planib, bir nechta xonadonga suv kirdi. Jizzax viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasining 6 ta yong‘in-qutqaruv texnikasi hamda 22 nafar qutqaruvchilari tomonidan xonadon egalariga amaliy yordam ko‘rsatilib, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan suv toshqini hamda boshqa ko‘ngilsiz holatlarning oldi olindi", - deyilgan xabarda. 

Eslatib o‘tamiz, bugun ertalab Surxondaryo viloyatining Boysun va Oltinsoy tumanlarida sel kelishi oqibatida aholi uylari va infratuzilma obyektlari zara ko‘rgani hamda 900 kishi xavfsiz joyga ko‘chirilgan edi.