Boysun va Oltinsoyda sel keldi: mahalliy aholi evakuatsiya qilindi

Kuchli yomg‘ir yog‘ishi natijasida Oltinsoy tumani hududidan oqib o‘tuvchi Oltinsoy soyining suv hajmi sezilarli darajada oshgan. Ushbu hududda istiqomat qilayotgan 900 nafar fuqaro xavfsiz hududga vaqtincha ko‘chirildi.
Sputnik

TOShKENT, 14-may — Sputnik. Surxondaryo viloyatining Boysun va Oltinsoy tumanida sel keldi.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabariga ko‘ra, 13-may kuni kuchli yomg‘ir yog‘ishi natijasida Oltinsoy tumani hududidan oqib o‘tuvchi Oltinsoy soyining suv hajmi sezilarli darajada oshgan.

Suv toshqini yuzaga kelishi mumkinligi sababli uning oldini olish maqsadida ushbu hududda istiqomat qilayotgan 900 nafar fuqaro xavfsiz hududga vaqtincha ko‘chirildi.

Bundan tashqari, shu kuni Boysun tumanidagi Pasurxi mahallasiga Boysun tog‘ tizmasiga surunkali yomg‘ir yog‘ishi natijasida Oybarak soyi orqali sel kelgan.

Shuningdek, tumanning Hunarmandlar mahallasidan oqib o‘tuvchi Avlod soyi orqali sel kelishi oqibatida Avlod hamda Sariosiyo qishloqlarini bog‘lab turuvchi ko‘prikni suv bosganligi tufayli avtomobillarning harakatlanishi vaqtincha to‘xtatilgan.

Boysun va Oltinsoyda sel keldi: mahalliy aholi evakuatsiya qilindi

Vaziyat viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi tomonidan to‘liq nazoratga olingan. Ayni damda boshqarma qutqaruvchilari hamda FVDTning 150 dan ortiq xodimi, shuningdek, 20 ga yaqin texnika yordamida sel oqibatlarini bartaraf etish ishlari olib borilmoqda.

Sel oqibatida jabrlangan va halok bo‘lganlar to‘g‘risida ma’lumot kelib tushmagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Navoiy viloyati Zarafshon shahrida kuchli yog‘ingarchilik sababli sel kelgani xabar qilingan edi.