O‘zbekistonda mahalliy aviaqatnovlar va tezurar poyezdlar harakati tiklanadi

Shuningdek, "yashil" va "sariq" hududlarda sanitariya-gigiyena talablariga qat’iy amal qilgan holda xizmat ko‘rsatish turlariga bosqichma-bosqich ruxsat berish mumkinligi belgilandi.
Sputnik

TOShKENT, 13-may - Sputnik. O‘zbekistonda mahalliy aviaqatnovlar va tezurar poyezdlar harakati tiklanadi. Bu haqda 13-may kuni prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan selektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.

Mirziyoyev karantin talablari yumshatilishda davom etishini aytdi

Xususan, Toshkent shahridan Nukus, Urganch, Termiz shaharlariga aviaqatnovlarni tiklash, Samarqand, Navoiy, Buxoro, Qarshi shaharlariga “Afrosiyob” tezurar poyezdi hamda Farg‘ona vodiysiga poyezd qatnovini qayta yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda.

Shuningdek, shaharlar ichida shaxsiy avtomobillar harakati bo‘yicha cheklovlarni bekor qilish masalasi o‘rganilmoqda. Transport, Ichki ishlar va Sog‘liqni saqlash vazirliklariga bular bo‘yicha Respublika komissiyasiga taklif kiritish vazifasi qo‘yildi.

Yig‘ilishda mamlakatdagi epidemiologik vaziyat hamda hududlar rahbarlarining takliflaridan kelib chiqib, karantin talablarini yanada yumshatish masalalari muhokama qilindi.

Xususan, "yashil" va "sariq" hududlarda sanitariya-gigiyena talablariga qat’iy amal qilgan holda xizmat ko‘rsatish turlariga bosqichma-bosqich ruxsat berish mumkinligi belgilandi.

Respublika komissiyasiga pandemiya qayta kuchaygan taqdirda vazirlik va idoralar bajarishi lozim bo‘lgan birlamchi vazifalar belgilangan tartibni tasdiqlash topshirig‘i berildi.