O‘zbekistonda ID-kartalar rasmiylashtirilishi va berilishi tartibi

O‘zbekistonda 2021-yil 1-yanvardan boshlab ID-karta beriladi. Karta aholiga davlat xizmatlarini ko‘rsatishda axborot kommunikatsiya texnologiyalaridan keng foydalanish va masofaviy xizmat ko‘rsatishda shaxsni identifikatsiyalashning yagona tizimini joriy etish maqsadida berilmoqda.
Sputnik

TOShKENT, 13-may — Sputnik. O‘zbekiston fuqarosining identifikatsiyalash ID-kartasi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash to‘g‘risida prezident farmoni loyihasi muhokamaga qo‘yildi.

ID-karta

ID-karta fuqaroning shaxsini tasdiqlovchi va egasining shaxsiy biografik ma’lumotlari, biometrik parametrlari kiritilgan elektron tashuvchi qurilmaga ega bo‘lgan hujjat. ID-kartaga chip (ma’lumotlarni saqlovchi elektron qurilma) o‘rnatilishi ham nazarda tutilgan. Unda hujjat egasining biografik ma’lumotlari, raqamli fotosurati, qo‘l barmoq izi va elektron raqamli imzosi kiritiladi. 

Kartaning amal qilish muddati

ID-karta O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga tug‘ilganidan boshlab beriladi. Mamlakat hududida yashovchi fuqarolar 18 yoshdan ID-kartaga ega bo‘lishlari shart. 18 yoshgacha ID-karta ixtiyoriy bo‘ladi.

O‘zbekistonda ID-kartalar rasmiylashtirilishi va berilishi tartibi

ID-karta fuqarolarga quyidagi amal qilish muddatlariga beriladi:

  • tug‘ilgan kunidan boshlab bir yoshgacha — ikki yil muddatga;
  • bir yoshdan 16 yoshgacha — 5-yil muddatga;
  • 16 yoshdan oshgan shaxslarga — 10-yil muddatga.

Fuqaro 14 yoshdan boshlab ID-karta rasmiylashtirishda barmoq izlarini topshirishi shart.

Fuqaro Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limlariga ID-kartani olish uchun 18 yoshga to‘lgandan so‘ng bir oydan kechikmasdan murojaat etishi lozim.

ID-karta MvaFRB tomonidan hujjatlar qabul qilib olingan kundan boshlab uch ish kunida berilishi belgilanadi.

ID-kartaga qaysi ma’lumotlar kiritiladi

  • hujjatning nomi;
  • ID-kartaning raqami;
  • ID-karta egasining familiyasi, ismi, otasining ismi;
  • millati;
  • tug‘ilgan sanasi;
  • fuqaroligi;
  • tug‘ilgan joyi;
  • jinsi;
  • berilgan sanasi;
  • kim tomonidan berilgani;
  • amal qilish muddati tugaydigan sana;
  • egasining raqamli surati;
  • egasi haqidagi mashina o‘qiydigan ma’lumotlar.

16 yoshga to‘lmagan fuqaroning millati uning ota va onasining o‘zaro kelishuviga muvofiq belgilanadi hamda IIV tomonidan belgilangan shakldagi arizada fuqaroning millati ko‘rsatib o‘tilishi rejalashitirilmoqda.

Belgilanishicha, ID-kartadagi millat haqidagi yozuv ota-onaning millatiga muvofiq yoziladi. Agar ota-onasi turli millatga mansub bo‘lsa, birinchi marta ID-karta berilayotganda fuqaroning xohishiga qarab ota-onasidan birining millati yoziladi. Fuqaroning yozma arizasiga ko‘ra millat haqidagi yozuv faqat bir marta, otasi yoki onasining millatiga o‘zgartirilishi mumkin.

ID-karta olish uchun qanday hujjatlar taqdim etiladi

  • Ichki ishlar vazirligi tomonidan belgilangan shakldagi ariza;
  • ilgari berilgan pasport yoki ID-karta;
  • fuqaroligi bo‘lmagan shaxs uchun O‘zbekistonda yashash guvohnomasi (O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligini qabul qilgan holatda);
  • tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma (birinchi marotaba rasmiylashtirilayotganda) yoki ID-karta;
  • nikoh to‘g‘risida guvohnoma (familiyasi o‘zgargan holda);
  • davlat boji to‘langanligi haqida kvitansiya (to‘lov tizimlari orqali to‘langanda kvitansiya majburiy emas).

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda 2021-yil 1-yanvardan boshlab ID-karta berilishi xabar qilingan edi. ID-kartalar faqat O‘zbekiston hududida amal qiladi. Chet elga chiqish uchun biometrik pasport olish kerak.