TOShKENT, 13-may - Sputnik. Samarqandda 34 kishiga xavfli yuqumli kasallik yuqtirgan shifokor ustidan jinoyat ishi ochildi deb xabar qilmoqda viloyat prokuraturasi.
Ma’lum bo‘lishicha, tumani tibbiyot birlashmasida bo‘lim mudiri vazifasida ishlab kelayotgan fuqaro X.D. 20-apreldan boshlab sog‘ligida o‘zgarish, yo‘tal, tana haroratining 39 gradusgacha ko‘tarilishi, nafas qisishi kabi “COVID-19” infeksiyasi kasalligi belgilari bo‘lishiga qaramasdan, tez tibbiy yordamga murojat qilmagan va 20-apreldan 27-aprelga qadar uy sharoitida davolanib kelgan.
Oqibatda, X.D. u bilan doimiy muloqotda bo‘lgan turmush o‘rtog‘i va boshqa qarindoshlari, o‘zi davolab kelgan bemor va hamkasblaridan iborat jami 11 nafar hamda ular orqali boshqa 23 nafar shaxslarga o‘ta xavfli bo‘lgan yuqumli kasallikni yuqtirib, muloqotda bo‘lgan shaxslar doirasini hamda borilgan joylar haqidagi ma’lumotlarni qasddan yashirib, jami 34 nafar fuqarolarning “COVID-19” infeksiyasi bilan kasallanishiga sababchi bo‘lgan.
Maxsus tibbiy guruh tekshiruvi natijasida fuqaro X.D. shifokor bo‘la turib o‘zini sanitariyaga oid qonun hujjatlarni qo‘pol ravishda buzgani aniqlangan va ushbu holat yuzsidan Viloyat prokuraturasi tomonidan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.
"2020 yil 12-may kuni X.D.ga nisbatan JKning 257-1-moddasi 1-qismi (Sanitariyaga oid qonun hujjatlarni yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalari buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda. X.D. orqali kasallik yuqtirgan jami 34 nafar shaxslarning barchasi karantinga olinib, viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasida ularga nisbatan davolash muolajalari olib borilmoqda", - deyilgan prokuratura xabarida.
Jinoyat ishining tergovi viloyat prokuraturasi tomonidan alohida nazoratga olingan.