TOShKENT, 10-maya — Sputnik. "Roskosmos" o‘z kosmik apparati bilan koinotda yuz bergan favqulodda holatga izoh berdi. RIA Novosti xabariga asosan.
Ma’lum bo‘lishicha "Fregat-SB" nomli tezlashtirish blokining yonilg‘i baklari 8-may kuni ertalab soat 08:00 dan 09:00 oralig‘ida Hind okeani akvatoriyasida portlab ketgan.
Favqulodda vaziyat yuz bergan vaqtda tezlashtirish bloki Yer sharining elliptik orbitasida bo‘lgan. Uning orbitasi eng baland nuqtasi 3606 km va eng past nuqtasi 422 km masofani tashkil qilgan. Ayni damda mutaxassislar apparatning parchalanib ketgan bo‘laklari sonini va ularning orbitasini aniqlashtirmoqdalar, deyilgan muassasa xabarida.
Rossiya kosmik apparatining yonilg‘i baklari portlashi haqida dastlab amerika harbiylari xabar qilishgan edi. Ular aytishiga qaraganda portlash natijasida koinotda 65ta bo‘lak paydo bo‘lgan.
Rossiyaning koinotda xavfli vaziyatlar paydo bo‘layotgani haqida xabar qiluvchi tizimi ham "Fregat-SB"ning yonilg‘i baklari portlab ketganini qayd etgan.
"Fregat-SB" tezlashtirish bloki 2011-yilda "Spektr-R" nomli astrofizik teleskopni ishga tushirishda foydalanilgan edi. "Spektr-R" - Rossiya va Germaniya hamkorligida ishga tushirilgan orbital astrofizik radioteleskopdir. Diametri 10 metr bo‘lgan antennaga yordamida radioteleskop koinotni chuqurroq o‘rganish imkonini beradi. 2019-yilning boshida radioteleskopning boshqarish tizimida muammolar aniqlangan edi.