Qozog‘istonlik ayol 3 ming $ yashirilgan kurtkani muhtojlarga berib yubordi

Video qahramonlari Qozog‘iston janubidagi Maqtaaral tumanida toshqindan zarar ko‘rgan aholi uchun kiyim-kechak yuborishgan ekan.
Sputnik

TOShKENT, 8-may — Sputnik. Qozog‘istonlik ayol bilmasdan pul yashiringan kurtkani muhtojlarga berib yubordi.

Ayni vaqtda insonparvarlik yordami sifatida yuborilgan kiyimlar orasida odamlar pul izlashi aks etgan video internetda tez ommalashmoqda.

Ma’lum bo‘lishicha, ayol erining kiyimlarini yig‘ib, Turkiston viloyatidagi toshqindan zarar ko‘rgan odamlarga berib yubordi. Ular orasida kurtka bo‘lgan, oila boshlig‘i unda pul saqlagan ekan.

Yuk jo‘natilgandan keyin, er-xotin kurtkada “zanachka” yashiringani esiga tushadi.   

Ular zudlik bilan orqasidan mashina yuborishdi. Pul topildi va egasiga 3100 dollar qaytarildi.

Turkiston viloyatidagi toshqin

Sardoba suv omborida 1-may kuni to‘g‘on yorilishi natijasida Qozog‘iston janubidagi Turkiston viloyatining Maqtaaral tumanidagi aholi punktlari suv ostida qoldi.

Bu hududda texnogen favqulodda holat e’lon qilindi. Qozog‘iston janubida 7 639 gektar ekin maydonlari suv ostida qolgan, uning katta qismi paxta bilan ekilgan edi. Shuningdek, 2-maydan beri 31 606 kishi evakuatsiya qilinganligi qayd etildi.

Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev ta’kidlashicha, toshqindan zarar ko‘rgan fuqarolar uchun 1000 dan ortiq uylar quriladi. Davlat komissiyasi toshqindan jabr ko‘rgan har bir qishloq aholisiga 100 ming tangadan to‘lashga qaror qildi.

Jabrlanganlarga Qozog‘istonning boshqa viloyat rasmiylari, ishbilarmonlar va xayriyachilar ham moddiy yordam ko‘rsatmoqda.