Pavel Durov Amerikaga ko‘chib o‘tmaslik uchun 7ta sababni aytdi

Telegram asoschisi Pavel Durov “Kremniy vodiysi” dasturchilar orasida ortiqcha maqtab yuborilganini qayd etdi va u yerga ko‘chib o‘tmaslik va yangi biznes boshlamaslik uchun 7ta muhim sabablarni sanab o‘tdi.
Sputnik

TOShKENT, 8-may - Sputnik. Bugungi kunda dunyoning eng ommaviy messenjer laridan biriga aylangan Telegram hamda “VKontakte” ijtimoiy tarmog‘i yaratuvchisi Pavel Durov nima sababdan AQShning “Kremniy vodiysiga” ko‘chib o‘tish kerak emasligini tushuntirib berdi.

23 aprel kuni rossiyalik taniqli boshlovchi Yuriy Dudning “Dunyoning IT-poytaxti kanday tuzilgan” nomli filmi chiqqan edi. Pavel Durovning fikriga ko‘ra, “ushbu film qahramonlari kamera oldida aytayotgan gaplari va shaxsiy suhbatda aytgan gaplari orasida sezilarli farq bor”.    

Telegram yaratuvchisi AQShning Kremniy vodiysiga ko‘chib o‘tmaslik uchun 7ta muhim sabablarni sanab o‘tdi:

  • Politsiya davlati. Durov aytishiga qaraganda AQSh – bu politsiya davlati va Dudning filmidagi tadbirkorlardan kamida bir kishi AQSh huquqni saqlash organlarining adolatsiz harakatlari qurboni bo‘lgan. Durovning o‘zi ham 2016-yilda San-Fransiskoga tashrif buyurganida FBR bosimiga duch kelgan.
  • Samarasiz sog‘liqni saqlash tizimi. AQShd sog‘liqni saqlash tizimi juda qimmat va ko‘pchillik umuman unga yeta olmaydi. Shu sababli ko‘pchillik davolanish uchun boshqa davlatlarga borishga majbur.
  • Cheklangan madaniyat. “Kremniy vodiysi” – bu aslida madaniy hayoti cheklangan bir necha qishloq xolos. Eng yaqin shahar San-Fransisko. U yerda bo‘lsa jinoyatchilik avj olgan. Durov aytishiga qaraganda San-Fransisko unga kuppa-kunduz kuni shahar markazida hujum qilingan yagona shahar. 
  • Juda katta soliqlar. AQShda soliqlar juda katta, AQSh pasporti esa – dunyoning istalgan nuqtasida sizni ta’qib etuvchi “iqtisodiy quldorlik majburiyati”, deydi Durov.
  • Sust ta’lim tizimi. AQShda ta’lim tizimi sust, “So‘nggi yillardagi dasturchilar chempionatlarida g‘oliblar – AQShning mashhur OTMlari nomidan ishtirok etayotgan xitoyliklar bo‘lmoqda. Ular Xitoy maktablarida ta’lim olib so‘ng AQshga ko‘chib o‘tishgan. AQSh ushbu musobaqalarda Rossiya va Xitoyga qaraganda juda kam o‘rin oladi.
  • Ishlab chiqarish juda qimmat. Bugungi kunda Kremniy vodiysi – IT startaplar uchun yaxshi joy emas. Mahalliy dasturchilar “juda qimmat va juda erkalatib yuborilgan”. Shu sababli bu yerdagi tadbirkorlar Sharqiy Yevropadan dasturchilar yollashni ma’qul ko‘rishadi.
  • Kelajak yo‘q. Agar 10-20 yil oldin AQSh bozori internetning asosini tashkil qilgan bo‘lsa, bugungi kunda uning ulushi - 4% xolos. Shu sababli TikTok, Byju, Telegram kabi global loyihalar AQShdan tashqarida rivojlanmoqda.  

Durov Sharqiy Yevropani tark etmoqchi bo‘layotgan dasturchilarga Shimoliy yoki Markaziy Yevropa mamlakatlariga nazar solishni maslahat bergan. Uning fikriga ko‘ra u yerda inson huquqlari va erkinliklari AQShga qaraganda ancha yaxshiroq himoya qilingan.