Mirziyoyev Toqayev va Nazarboyev bilan “Sardoba” masalasini muhokama qildi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 8-may kuni Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev va Elboshi Nursulton Nazarboyev bilan telefon orqali muloqot qildi.
Sputnik

TOShKENT, 8-may — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 8-may kuni Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev bilan telefon orqali muloqot qildi, deb xabar qildi prezident matbuot xizmati. 

Ekinlarni asrash va qo‘shnilarga yordam: Ahmadjonov Sardoba hodisasidan keyingi ishlar haqida

Suhbat avvalida davlat rahbarlari yaqinlashib kelayotgan bayram – fashizm ustidan qozonilgan  G‘alaba kuni munosabati bilan bir-birlarini tabriklab, mamlakatlar faxriylari va birodar xalqlariga tinchlik, sihat-salomatlik va farovonlik tiladilar.

Chegaraoldi hududlarda Sardoba suv omboridagi favqulodda hodisa oqibatlarini bartaraf etish maqsadida yaqin hamkorlikni davom ettirishga alohida e’tibor qaratildi.

Jabr ko‘rgan tumanlarda aholiga manzilli yordam ko‘rsatish va infratuzilmani tiklash bo‘yicha navbatdagi qadamlar kelishib olindi.

Prezidentlar koronavirus infeksiyasi tarqalishi bilan bog‘liq joriy epidemiologik vaziyatni ham ko‘rib chiqdilar. Pandemiyaga qarshi kurash, aholi va biznes uchun cheklovlarni bosqichma-bosqich yumshatish borasida mamlakatlarda ko‘rilayotgan choralar qo‘llab-quvvatlandi.

Muloqot chog‘ida savdo-iqtisodiy sohada erishilgan kelishuvlarni tez fursatlarda amalga oshirish, jumladan, avtomobilsozlik, qishloq xo‘jaligi, qayta ishlash sanoati, transport va logistika, boshqa tarmoqlarda istiqbolli loyihalarni tayyorlash va ilgari surish muhimligi qayd etildi.

“Sardoba” toshqin oqibatlari qanday bartaraf etilmoqda - video

O‘zbekiston va Qozog‘iston prezidentlari xalqaro ahamiyatga molik qator masalalar yuzasidan ham fikr almashdilar.

Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston Respublikasining birinchi prezidenti – Elboshi Nursulton Nazarboyev bilan telefon orqali muloqot qildi.

Suhbat avvalida ikki mamlakat yetakchilari Ikkinchi jahon urushida qozonilgan G‘alabaning 75-yilligi munosabati bilan bir-birlarini samimiy tabriklab, ezgu tilaklar bildirdilar.

Muloqot chog‘ida chegaraoldi hududlarda Sardoba suv omboridagi favqulodda hodisa oqibatlarini bartaraf etish bilan bog‘liq masalalar ko‘rib chiqildi. Aholiga zarur yordamni ko‘rsatish, infratuzilma va kommunikatsiyalarni qayta tiklash borasida birgalikda amalga oshirilayotgan birinchi navbatdagi tadbirlar qo‘llab-quvvatlandi.

Shavkat Mirziyoyev va Nursulton Nazarboyev ikki tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini, avvalo savdo-iqtisodiy sohada kengaytirish masalalariga alohida to‘xtaldilar.

Pandemiyaning salbiy oqibatlari ta’sirini kamaytirish maqsadida amaliy hamkorlikning yangi loyihalari va yo‘nalishlarini ishlab chiqishda ikki mamlakat bosh vazirlari rahbarligidagi qo‘shma Hukumatlararo komissiyaning muhim rol o‘ynashi ta’kidlandi.

Shuningdek, xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar hamda Markaziy Osiyo mintaqasida yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini yanada mustahkamlash yuzasidan fikr almashildi.