O‘zbekistonda Urush qahramonlari haqida yangi sayt yaratildi

Mazkur sayt Ikkinchi jahon urushida fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaga O‘zbekiston xalqining qo‘shgan munosib hissasiga bag‘ishlab yaratilgan.
Sputnik

TOShKENT, 7-may — Sputnik. “O‘zarxiv” agentligi G‘alabaning 75-yilligi arafasida Ikkinchi jahon urushi qahramonlari xotirasiga bag‘ishlangan Xotira.archive.uz saytini ishga tushirdi. 

Stalingraddan Venagacha pulemot bilan - o‘zbekistonlik urush qahramoni bosib o‘tgan yo‘l

Ta’kidlanishicha, sayt Ikkinchi jahon urushida fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaga O‘zbekiston xalqining qo‘shgan munosib hissasiga bag‘ishlab yaratilgan.

Ushbu saytni davlat arxivlariga kelib tushayotgan arxiv hujjatlari bilan doimiy boyitib, takomillashtirib borish rejalashtirilgan. Ayni paytda saytda agentlikning arxividan olingan “Urush qahramonlari” haqidagi ma’lumotlar, “Foto-galereya” hamda “Hujjatlar” qismida Ikkinchi jahon urushidan askarlarning maktublari, shu davrdagi gazeta parchalari va bir qator muhim hujjatlar mavjud.

Saytning “Xalq xotirasi” qismi Rossiyaning Pamyat-naroda.ru veb-saytiga yo‘naladi. Unda har bir kishi urushda ishtirok etgan ajdodlarining (ota-ona, buva-buvi) ismi-sharifini kiritib, ularning jangavor hayot yo‘li (qachon urushga yuborilgan, qaysi front chizig‘ida xizmat qilgan, jangovar mukofotlari) haqida ma’lumotlarga ega bo‘lishi mumkin.