O‘zbekiston Tojikistonga COVID-19ga qarshi kurashda qanday yordam berishi mumkin

O‘zbekiston SSVning vabo, karantin va o‘ta yuqumli infeksiyalarning oldini olish markazi vabo laboratoriyasining mudiri Ma’rufjon Madaminov o‘zbekistonlik mutaxassislar Tojikistonga koronavirusga qarshi kurashda qanday yordam berishi mumkinligi haqida gapirib berdi.
Sputnik

Bir kun oldin Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon Shavkat Mirziyoyev bilan telefon orqali suhbatlashdi.

Davlat rahbarlari koronavirus infeksiyasining tarqalishiga qarshi kurash choralarini va bu borada mamlakatlar hamkorligini muhokama qildilar.

Madaminovning aytishicha, u rahbarlik qilayotgan laboratoriya Tojikistonga koronavirusga qarshi kurashda yordam berishi mumkin.

Mirziyoyev va Rahmon koronavirus tarqalishiga qarshi kurash choralarini muhokama qildi

"Ehtimol, biz Tojikistonga koronavirusdan himoya qilish vositalarini yetkazib beramiz va infeksiyaga qarshi kurashda o‘z tajribamiz bilan o‘rtoqlashamiz. Shuningdek, tojikistonlik hamkasblarimizga zarur bo‘lsa, laboratoriya diagnostikasini o‘rgatamiz va ularga infeksiya o‘choqlarini aniqlashga yordam beramiz. Ehtimol, hatto maxsus vositalar bilan yordam beramiz”, - dedi mutaxassis Sputnik Tojikiston nashriga bergan intervyusida.

U, shuningdek, avvalo o‘zbekistonlik epidemiologlar Tojikistonga borib, mamlakatda koronavirus bilan bog‘liq vaziyatga baho berib, respublikaning qanday yordamga muhtojligini aniqlashini qo‘shimcha qildi.

Shundan keyingina, o‘zbekistonlik mutaxassislar reja tuzib, mamlakatda infeksiyaning tarqalishiga qarshi kurashish bo‘yicha ishlar hajmini aniqlashlari mumkin bo‘ladi.