Suv toshqinidan zarar ko‘rgan Sirdaryo aholisi ko‘p qavatli uy-joylarda xonadonga ega bo‘ladi

Sardoba suv ombori to‘g‘oni o‘pirilishi oqibatida suv bosgan Sardoba, Oqoltin va Mirzaobod tumanlarida 2020−2021 yillar davomida ko‘p qavatli uy-joylar quriladi.
Sputnik

TOShKENT, 7-may — Sputnik. Suv toshqinidan jiddiy zarar ko‘rgan Sirdaryo aholisi uchun ko‘p qavatli uy-joylar quriladi va xonadonlar beg‘araz ajratiladi.

Sardoba fojiasi: aybdorlar qonun oldida javob beradi - Shavkat Mirziyoyev

Bu prezidentning “Sirdaryo viloyatida joylashgan “Sardoba suv ombori” to‘g‘onida yuzaga kelgan favqulodda hodisa oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoyishida belgilangan.

O‘zbekiston Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasiga ikki hafta muddatda ko‘p qavatli uy-joylar qurish uchun yer uchastkalarini tanlash topshirilgan.

Qurilish vazirligi oldiga ko‘p qavatli uy-joylar qurilishi uchun malakali pudrat tashkilotlari o‘rtasida tanlov o‘tkazish vazifasi qo‘yilgan.

Sirdaryo viloyati hokimligi o‘z navbatida uy-joylariga suv toshqini oqibatida jiddiy ziyon yetkazilgan fuqarolar ro‘yxatini tuzadi va ularga qurilgan ko‘p qavatli uy-joylarda xonadonlarni beg‘araz ajratish choralarini ko‘radi.

Bosh prokuratura, IIV, Milliy gvardiya mutasaddi vazirlik va idoralar bilan birgalikda yashash joylaridan boshqa hududlarga evakuatsiya qilingan aholini uzluksiz zarur oziq-ovqat mahsulotlari, shaxsiy himoya va gigiyena vositalari, yotoq anjomlari, shuningdek, kuniga uch mahal issiq ovqat bilan ta’minlaydi.

Shuningdek, Moliya vazirligiga Sirdaryo viloyati mahalliy budjetiga dastlabki 100 milliard so‘m miqdorida mablag‘ ajratish topshirilgan.