Samarqandda mast haydovchi tufayli boshqa haydovchi oila a’zolaridan ayrildi

Samarqand viloyatida “VAZ-2106” va “Gaz-5327” yuk mashinasi ishtirokida mudhish YTH sodir bo‘ldi. Uning oqibatida “Gaz-5327” haydovchisining 22 yoshli turmush o‘rtog‘i va 2 yoshli farzandi halok bo‘ldi.
Sputnik

TOShKENT, 5-may — Sputnik. Samarqand viloyatida ro‘y bergan mudhish yo‘l transport hodisasida ikki kishi hayotdan ko‘z yumdi.

Tergov departamenti xabariga ko‘ra, hodisa 4-may kuni Urgut tumani “Tinchlik” mahallasi hududidan o‘tuvchi A-377 avtomobil yo‘lining 33 kilometrida sodir bo‘lgan.

Qoraqalpog‘istondagi mudhish YTH to‘rt kishining umriga zomin bo‘ldi

“VAZ-2106” haydovchisi 27 yoshli F.R. mast holatda Samarqand yo‘nalishi tomonidan Tojikiston yo‘nalishi tomonga qarab kelayotgan vaqtida o‘ziga qarama-qarshi yo‘nalishdan harakatlanib kelayotgan haydovchi 29 yoshli Z.A.ning boshqaruvidagi “Gaz-5327” rusumli yuk avtomashinasining o‘ng yon tomoniga urilib, yo‘l transport hodisasi sodir qilgan.

“To‘qnashuv natijasida “Gaz-5327” rusumli yuk avtomashina yo‘lovchilari (haydovchining turmush o‘rtog‘i va farzandi) 22 yoshli D.S. va voyaga yetmagan 2 yoshli A.N.lar og‘ir tan jarohati olib hodisa joyida vafot etganlar”, - deyilgan xabarda.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Surishtiruv ishlari davom etmoqda.