Mirziyoyev va Rahmon koronavirus tarqalishiga qarshi kurash choralarini muhokama qildi

Shuningdek, ikki davlat rahbarlari Sardoba suv omboridagi favqulodda hodisa oqibatlarini bartaraf etish bilan bog‘liq masalalarni ko‘rib chiqdi.
Sputnik

TOShKENT, 5-may — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar qildi.

Ta’kidlanishicha, davlat rahbarlari ikki tomonlama yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlashning dolzarb masalalarini ko‘rib chiqib, amaliy hamkorlikni kengaytirish istiqbollarini muhokama qildilar.

“Epidemiologik vaziyat rivojini nazorat qilish va koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurash bo‘yicha samarali chora-tadbirlarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi”, - deyilgan xabarda.

Ikki mamlakat hukumatlariga ushbu xavfli kasallikka qarshi kurashishda o‘zaro muvofiqlashtiruvni kuchaytirish va yaqindan hamkorlikni davom ettirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Tojikistonda ikki partiya yetakchisi koronavirus bilan kasallandi

Pandemiyaning avvalo O‘zbekiston-Tojikiston savdo-iqtisodiy aloqalari uchun salbiy oqibatlarga olib kelishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida oldindan chora ko‘rish va yuzaga kelayotgan barcha masalalarni tezkor hal qilish zarurligi qayd etildi.

O‘zaro savdoda yuqori o‘sish sur’atlarini ushlab qolish, transport qatnovlarini ta’minlash, sanoat, energetika, qishloq xo‘jaligi, moliya va boshqa sohalarda ustuvor loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha harakatlar tartibini birgalikda ishlab chiqish maqsadida tegishli vazirlik va idoralar o‘rtasida muntazam videoanjumanlar o‘tkazib turish muhim ekani ta’kidlandi.

Shuningdek, Sardoba suv omboridagi favqulodda hodisa oqibatlarini bartaraf etish bilan bog‘liq masalalar ko‘rib chiqildi.

Telefon muloqoti chog‘ida prezidentlar xalqaro ahamiyatga molik qator dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashdilar.

Xabarda suhbat har doimgidek samimiy, konstruktiv va do‘stona ruhda o‘tgani qo‘shimcha qilingan.