O‘zbekiston va Qirg‘iziston rahbarlari Sardoba suv ombori masalasini ko‘rib chiqdi

Shavkat Mirziyoyev va Sooronbay Jeenbekov Sardoba suv omboridagi favqulodda hodisa oqibatlarini bartaraf etish bilan bog‘liq masalalarni ko‘rib chiqdi.
Sputnik

TOShKENT, 4-may — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qirg‘iz Respublikasi prezidenti Sooronbay Jeenbekov bilan telefon orqali muloqot qildi.

Mirziyoyev Sardoba to‘g‘onida yuz bergan hodisadan so‘ng Tokayevga qo‘ng‘iroq qildi

Davlat rahbarlari mamlakatlar o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlashning dolzarb masalalarini muhokama qildilar.

O‘zbekiston va Qirg‘iziston hukumatlarining koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashda yaqindan hamkorlik qilayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Mamlakatlarda ushbu xavfli kasallik tarqalishining, avvalo, savdo-iqtisodiy aloqalarga salbiy oqibatlarini kamaytirish borasida ko‘rilayotgan chora-tadbirlar qo‘llab-quvvatlandi.

Turkiy tilliy davlatlar hamkorlik kengashining navbatdan tashqari sammitida qabul qilingan qarorlarga muvofiq sog‘liqni saqlash va transport vazirliklari rahbarlarining tashkil etilgan ko‘p tomonlama maslahatlashuvlari natijalari yuksak baholandi.

“Prezidentlar O‘zbekistonda Sardoba suv omboridagi favqulodda hodisa oqibatlarini bartaraf etish bilan bog‘liq masalalarni ham ko‘rib chiqdilar”, - deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Muloqot yakunida o‘zaro tovar ayirboshlashning yuqori sur’atini saqlash, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida kooperatsiyani kengaytirish, ustuvor investitsiya va infratuzilma, shu jumladan mintaqaviy ahamiyatdagi loyihalarni ilgari surishga qaratilgan birgalikdagi ishlarni faol davom ettirishga kelishib olindi. Suhbat chog‘ida qator xalqaro masalalarga ham to‘xtalib o‘tildi.

Eslatib o‘tamiz, Sirdaryoda 1-may kuni Sardoba suv ombori to‘g‘oni piketlaridan birining yorilib ketishi oqibatida suv toshqini yuzaga kelgan edi.  70 mingga yaqin aholi xavfsiz hududga ko‘chirilgan va kamida 56 kishi turli tan jarohatlari bilan kasalxonalarga yotqizilgan. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, fojiada bir Milliy gvardiya xodimi halok bo‘lgan, ikkinchisi esa qidirilmoqda.