Sardoba fojiasida bir Milliy gvardiya xodimi halok bo‘ldi, ikkinchisi qidirilmoqda

“Sardoba” suv omborida yuz bergan favqulodda holatning ilk soatlarida qutqaruv ishlarida ishtirok etgan Milliy gvardiyaning 2 nafar xodimi kuchli oqim sabab oqib ketgan.
Sputnik

TOShKENT, 4-may — Sputnik. Sirdaryo  viloyatidagi “Sardoba” suv omborida yuz bergan fojia natijasida bir Milliy gvardiya xodimi halok bo‘ldi.

Milliy gvardiya matbuot xizmati xabariga ko‘ra, suv omborida yuz bergan favqulodda holatning ilk soatlarida, tezkor guruh tarkibida evakuatsiya qutqaruv ishlarida ishtirok etgan Milliy gvardiyaning 2 nafar xodimi kuchli oqim sabab oqib ketgan.

Natijada Milliy gvardiya harbiy xizmatchisi serjant Suyarov Husniddin Zokirovich tabiiy ofatga qarshi kurashish jarayonida halok bo‘lgan. Hozirda ikkinchi xodimni qidirish ishlari davom etmoqda.

Sardoba fojiasida bir Milliy gvardiya xodimi halok bo‘ldi, ikkinchisi qidirilmoqda

Milliy gvardiya qo‘mondonligi va shaxsiy tarkibi nomidan mardlik namunasini ko‘rsatib,  o‘z xizmat burchiga so‘nggi nafasigacha sodiq qolgan serjant Suyarovning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, Sirdaryoda 1-may kuni Sardoba suv ombori to‘g‘oni piketlaridan birining yorilib ketishi oqibatida suv toshqini yuzaga kelgan edi.  70 mingga yaqin aholi xavfsiz hududga ko‘chirilgan va kamida 56 kishi turli tan jarohatlari bilan kasalxonalarga yotqizilgan.