Karantindan so‘ng xorijliklarning O‘zbekistonga kirish tartibi o‘zgarishi ehtimoli bor

Nurmat Otabekov karantindan so‘ng O‘zbekiston xorijliklarning mamlakatga kirish tartibini o‘zgartirishini istisno qilmadi.
Sputnik

TOShKENT, 4-may — Sputnik. Bosh davlat sanitariya inspektori Nurmat Otabekov karantindan so‘ng O‘zbekiston xorijliklarning mamlakatga kirish tartibini o‘zgartirishini istisno qilmadi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, karantin tugagandan keyin ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlar yana iziga tushib ketadi. Mamlakatda avtomobil, poyezd va samolyotlar orqali halqaro qatnovlar, bordi-keldilar boshlab yuboriladi.

“Albatta, xalqaro tajribalar ham  o‘rganib chiqiladi. Balkim dastlabki davrda faqat koronavirus yo‘qligini tasdiqlovchi hujjati bo‘lsagina, viza berish tizimi joriy qilinar. Buni esa vaqt va epidemik vaziyat ko‘rsatadi”, - dedi u AOKAdagi brifingda.

Shuningdek, agar shu tizim joriy qilingudek bo‘lsa ham, xorijlik fuqaroning viza olgan davri bilan mamlakatga kelgan davri koronavirus kasalligining yashirin davri (14 kun) bilan bir-biriga mutanosib bo‘lishi kerakligini ta’kidladi. Har qanday tartibni amaliyotga kiritish uchun juda jiddiy o‘ylash va o‘rganishga to‘g‘ri keladi.