“Salom, Sardoba, biz birgamiz!” xayriya tadbiriga start berildi

Sardoba suv omborida yuz bergan ofat natijasida jabr ko‘rganlarga ko‘maklashish maqsadida Adliya vazirligi tomonidan “Salom, Sardoba, biz birgamiz!” xayriya aksiyasiga start berildi.
Sputnik

TOShKENT, 3-may — Sputnik. Sardoba suv omborida yuz bergan ofat natijasida jabr ko‘rganlarga ko‘maklashish maqsadida Adliya vazirligi tomonidan “Salom, Sardoba, biz birgamiz!” xayriya aksiyasiga start berildi.

Suv ostida qolgan hududlar - Sardoba to‘g‘oni yorilgan joydan olingan kadrlar

Insonparvarlik yordami ortilgan birinchi yuk mashinalari Sirdaryoga yetkazildi.

Mazkur aksiyani “Yuksalish” umummilliy harakati bilan birgalikda amalga oshirishga kelishib olindi. Aksiya doirasida maxsus hisob raqami ochilib, yig‘ilgan mablag‘lardan ust-kiyimlar, oziq-ovqat, dori-darmon va boshqa zarur buyumlar sotib olinadi.

Aksiya davomida adliya organlari mutaxassislari jalb qilingan holda bepul huquqiy maslahatlar berish va davlat xizmatlarini joyiga chiqqan holda ko‘rsatish rejalashtirilgan.

Vazirlik ta’kidlashicha, Konrad Adenauer fondi, Shodiyev xalqaro fondi, Ezgu maqsad jamoat fondi, OU7 fondi, O‘zbekiston – Turkiya ishbilarmonlari uyushmasi, O‘zbekiston Qizil yarim oy jamiyati, sport federatsiyalari va boshqa tashkilotlar hamda faol fuqarolar tashabbus ko‘rsatib, aksiyaga qo‘shildi.

Ayni vaqtda O‘zbekiston barcha viloyatlaridan yordam karvonlari yuborilmoqda. 

Eslatib o‘tamiz, 1-may kuni soat 05:55da “Sardoba” suv ombori dambasining 6 piket devorida suv chiqishi yuzaga kelgan va Sardoba tumani Qo‘rg‘ontepa aholi yashash punktiga, Mirzaobod tumanidagi “Navbahor”, “Haqiqat” va “Bahoriston” MFYlari aholi yashash punktlariga qisman suv kirgan.

Oqibatda "Qo‘rg‘ontepa", "Do‘stlik", "Yurtdosh" MFYlardan jami 11,6 ming nafar aholi xavfsiz joyga ko‘chirilgani haqida xabar qilingan edi.