TOShKENT, 30 apr — Sputnik. Shavkat Mirziyoyev joriy o‘quv yilini sifatli yakunlash, bitiruv va kirish imtihonlarini tashkil etish masalalari muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi. Unda zerikarli ma’ruzalar, konspektlar yozdirishdan voz kechish muhimligi ta’kidlandi.
“Pandemiyani sabab qilib ta’lim tizimini takomillashtirish bo‘yicha ishlarni kechiktirishga mutlaqo haqqimiz yo‘q”, - dedi Shavkat Mirziyoyev.
Vaziyatga qarab, o‘quv yuklamalarni va dasturlarni qayta ko‘rib chiqish, oliy o‘quv yurtlarida amaliy ko‘nikmalarni rivojlantirishga e’tiborni kuchaytirish lozimligi belgilandi.
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Vazirlar mahkamasi xuzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasiga oliy ta’lim muassasalariga reja va dasturlarni ish beruvchilar talabidan kelib chiqib mustaqil tasdiqlash vakolatini berish bo‘yicha vazifalar yuklatildi. Dasturlarning belgilangan talablarga mosligini nazorat qilish mexanizmi ham ishlab chiqiladi.
“Zerikarli ma’ruzalar o‘qish, konspektlar yozdirish kabi o‘zini oqlamagan usullardan voz kechib, ta’lim metodikasini rivojlantirish va pedagoglar saviyasini oshirish g‘oyat muhim masalaligi ta’kidlandi”, - deyilgan xabarda.
Shu munosabat bilan, Xalq ta’limi va Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirliklariga bosqichma-bosqich masofaviy shaklda pedagoglar malakasini oshirish, dars mashg‘ulotlarini masofadan kuzatish, baholashda inson omilini kamaytirish bo‘yicha ishlarni amalga oshirish topshirig‘i yuklatildi.
Iqtidorli yoshlarni aniqlash va ularni kasbga yo‘naltirish tizimini takomillashtirish zaruriyatiga alohida e’tibor qaratildi. Litseylarning faoliyatini qayta ko‘rib chiqish, seleksiya ishlarini kuchaytirish maqsadida ta’lim jarayonlarini takomillashtirish yuzasidan vazifalar belgilandi.