TOShKENT, 30 apr — Sputnik. Chirchiq shahrida bir ayolning murdasi uyining yuvinish xonasida yalang‘och holatda topildi.
Bosh prokuratura matbuot kotibining Sputnik nashriga ma’lum qilishicha, bu 26 yoshli K.M.ning murdasi. 26-aprel kuni topilgan murdada yengil tan jarohatlari bo‘lgan.
Tergov-tezkor harakatlar natijasida K.M. 25-mart kuni Qozog‘istondan qaytib kelganligi va u 14 kun mobaynida Samarqand viloyatida karantinga olinganligi aniqlangan. K.M.da COVID-19 aniqlanmaganligi bois uning o‘limi yuzasidan 28-aprel kuni sudga oid tibbiyot ekspertizasi tayinlangan.
Ekspertiza K.M.ning o‘limiga bosh miya yopiq jarohati, bosh miya ensa sohasi yumshoq pardasi ostiga qon quyilishi, bosh ensa va yon sohalari teri osti qon quyilishi sabab bo‘lganligiyb ko‘rsatgan.
Aniqlanishicha, 23-aprel kuni K.M.ning xonadoniga tanishi 22 yoshli, muqaddam sudlangan tanishi R.X. kelgan va ular birga spirtli ichimlik ichishgan. Keyin ular o‘rtasida kelishmovchilik kelib chiqqan. Janjal vaqtida R.X. marhumaning bo‘yin sohasini bo‘g‘ib, bosh qismini yerga urib, tan jarohati yetkazgan. So‘ngra qotil murdani yuvinish xonasiga olib kirib vannaga solgan. U o‘ziga kelmaganligini ko‘rgan va “SamsungJ7” rusumli telefonini olib, voqea joyidan yashiringan.
Mazkur holat yuzasidan shahar prokuraturasi tomonidan R.X.ga nisbatan JKning 97-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda u qo‘lga olingan va tergov harakatlari olib borilmoqda.