TOShKENT, 28 apr - Sputnik. O‘zbekistonlik epidemiologlar AQShdagi hamkasblarining koronavirus tarqalishini prognoz qilish tizimini ishlab chiqishda yordam berishiga umid qilmoqdalar, deya xabar beradi TIV.
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik agentligi va AQSh Kasalliklarni nazorat qilish va profilaktika markazlari (CDC) mutaxassislari koronavirus tarqalishiga qarshi kurash choralari bo‘yicha onlayn-maslahatlashuvlar o‘tkazdilar.
“Tomonlar O‘zbekistonda virus tarqalishini modellashtirish va bashorat qilish tizimini ishlab chiqish imkoniyatini muhokama qildilar, bu esa tarqalish sur’ati va ko‘lamini bashorat qilish hamda kasallikning eng yuqori cho‘qqisi va undan keyingi pasayishga qachon erishish mumkinligini hisoblash imkonini beradi”, - deyiladi xabarda.
Ikki mamlakat epidemiologlari chegara o‘tish punktlarida nazoratni kuchaytirish, shuningdek Favqulodda vaziyatlarda sog‘liqni saqlash sohasida tezkor yordam markazini tashkil etishni ko‘zda tutuvchi CDC “Kirish joylariga oid dastur”ni qo‘llash bo‘yicha hamkorlikni faollashtirmoqda.
COVID-19 tarqalishi MDHda birinchi bo‘lib O‘zbekistonda yakunlanadi – olimlar
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 192 kishida koronavirus aniqlangan. Shifokorlarning yordami bilan kasallikni yengishga muvaffaq bo‘lgan o‘zbekistonliklar soni 892 nafarga yetgan. Shunday qilib, bugungi kunda mamlakatda COVID-19 kasalligidan sog‘ayish darajasi barcha yuqtirilganlarning 47,2% ni tashkil qiladi.