Mirziyoyev vertolotda Qorako‘l va Olot tumanlaridagi holatni ko‘zdan kechirdi - foto

Shavkat Mirziyoyev bugun Buxoro viloyatiga yetib bordi. Vertolotda Qorako‘l va Olot tumanlaridagi holatni ko‘zdan kechirdi. Olot tumani markazida mahalliy aholi vakillari, faollar bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Sputnik

TOShKENT, 28 apr — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Buxoro viloyatiga yetib keldi. 

27 aprel kuni respublikaga Turkmaniston hududidan kuchli shamol kirib kelgan, Buxoro, Navoiy, Samarqand va Qashqadaryo viloyatlarida sekundiga 9-40 metrgacha tezlikda shamol esgan edi. Oqibatda bir necha fuqaro jarohatlanib, bir kishi halok bo‘ldi. Shuningdek, uy-joylar, avtotransport vositalari, infratuzilma obyektlari va ekin maydonlariga zarar yetdi.

Shavkat Mirziyoyev bugun zudlik bilan Buxoro viloyatiga yetib bordi. Vertolotda Qorako‘l va Olot tumanlaridagi holatni ko‘zdan kechirdi. 

Olot tumani markazida mahalliy aholi vakillari, faollar bilan uchrashuv o‘tkazildi. 

Davlat rahbari kechagi kuchli shamol kutilmagan va ilgari kuzatilmagan tabiiy ofat bo‘lganini, odamlar turmushi, qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalarga salbiy ta’sir qilganini afsus bilan qayd etdi. 

“Xalqimiz hamjihat bo‘lib, bunday sinovlarni ko‘p yengib o‘tgan. Bu safar ham zarur chora-tadbirlar ko‘rilib, talofat oqibatlari tezda bartaraf etiladi. Eng muhimi, ruhni tushirmay, birgalikda kurashsak, bu qiyinchiliklardan kuchli bo‘lib chiqamiz,” - deb ta’kidladi prezident.

Turar joylar va infratuzilma obyektlarini ta’mirlash, aholiga har tomonlama ko‘maklashish bo‘yicha mutasaddilarga topshiriqlar berildi. Qishloq xo‘jaligi, iqtisodiyot tarmoqlari, jamoat xavfsizligi yuzasidan tezkor chora-tadbirlar belgilandi.