Jizzax viloyatida 250 ta yangi ish o‘rin tashkil etildi

Chorvachilik, dehqonchilik va naslchilik bilan shug‘ullanuvchi Jizzax Organic kompaniyasi suvchilar, traktor haydovchisi yordamchilari va ishchilarni ishga yollamoqda.
Sputnik

TOShKENT, 28 apr - Sputnik. Jizzax viloyati Zomin tumanining Jizzax Organic agrosanoat klasteri 250 nafar fuqarosini ishga qabul qiladi, deb xabar qildi kompaniya matbuot xizmati. Suvchilar, traktor haydovchisi yordamchilari va ishchilar tanlovi amalga oshirilmoqda.

Ish o‘rinlari malaka va maxsus ma’lumotni talab qilmaydi, bu esa aholining ayniqsa himoyaga muhtoj qatlamlari vakillarini ishga joylashtirishga imkon beradi.

Ayni paytda Jizzax viloyatida ishsizlik darajasi 9,2 foizni tashkil etadi, deydi viloyat hokimligi matbuot kotibi Akmal Binokulov.

"Ish o‘rinlari sonining ko‘payishi odamlarning farovonligini ta’minlashning muhim omilidir. Biz bilamizki, o‘rnatilgan cheklovlar tufayli ko‘plab aholi daromad manbaidan mahrum bo‘ldi, - deydi Binokulov. - Bizning viloyatimizda koronavirus bilan kasallanish holatlari juda oz, shuning uchun sanitariya-gigiyena qoidalariga to‘g‘ri rioya qilgan holda, odamlar sog‘liq uchun xavf tug‘dirmasdan ishlashlari mumkin. Jizzax Organicdagi ish o‘rinlari pandemiyaning iqtisodiyotga salbiy ta’sirini kamaytiradi".

Jizzax Organic direktori Hikmatilla Karimov ta’kidlashicha, hozir kompaniya yuqori naslli qoramollar importi va ekin ishlari bilan shug‘ullanmoqda.

Jizzax viloyatida 250 ta yangi ish o‘rin tashkil etildi

"Bugun qilayotgan ishlarimiz ertaga O‘zbekiston oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlaydi. Klaster xodimlari uchun kuniga uch mahal ovqatlanish va ish joyigacha transportda eltish tashkil etilgan, yaqin atrofdagi yashaydigan ishchilarga velosiped beriladi. Bundan tashqari, yangi ish o‘rinlari mavsumiy emas, ya’ni odamlarning daromadi doimiy va barqaror bo‘ladi", - dedi Karimov.

Jizzax Organic qishloq xo‘jaligi klasteri 2019-yilda O‘zbekiston Prezidentining 2017-2021 yillarda respublikani rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarni bajarish maqsadida tashkil etilgan. Kompaniya chorvachilik, dehqonchilik va naslchilik bilan shug‘ullanadi. Investitsiyalar umumiy hajmi 150 million AQSh dollarini tashkil etadi. Klaster O‘zbekistondagi eng yirik marmar mol go‘shti ishlab chiqaruvchisi bo‘lishi rejalashtirilmoqda.