Buxorodagi kuchli shamol qurboni o‘limi tafsilotlari ochiqlandi

Bosh prokuratura Buxorodagi kuchli shamol oqibatida vafot etgan fuqaro haqida ma’lumot berdi. 42 yoshli erkak tabiiy ofat qurboni bo‘lgan.
Sputnik

TOShKENT, 28 apr — Sputnik. Bosh prokuratura Buxoro viloyatidagi kuchli shamol shamol oqibatida halok bo‘lgan fuqaro o‘limiga doir ma’lumotlarni ochiqladi.

Bosh prokuratura matbuot kotibining Sputnik nashriga ma’lum qilishicha, kuchli shamol qurboni Buxoro shahri X.Mushkin ko‘chasida yashovchi 42 yoshli O‘.A. bo‘lgan. Fuqaro uyiga kelayotgan vaqtida viloyatda kuchli shamol tufayli yerga uzilib tushgan elektr simiga ehtiyotsizlik bilan urilishi natijasi vafot etgan.

Mazkur holat yuzasidan shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazilmoqda.

Buxorodagi kuchli shamol tafsilotlari ma’lum bo‘ldi – qurbon bor

Bosh prokuratura, shuningdek, tabiiy ofat yetkazgan ma’lumotlarni taqdim etdi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu tabiiy ofat natijasida viloyat bo‘yicha 5 293 ta bino, 415 ta transport vositasi, 42 400 ta daraxt talofot ko‘rgan va 295 ta tabiiy gaz va elektr ta’minotida avariyalar sodir bo‘lgan, 31 nafar shaxs turli darajada tan jarohati olganlar.

Bundan tashqari, Qorako‘l va Olot tumani bilan aloqa uzilib qolganligi sababli  tegishli xizmatlardan iborat guruh shakllantirilib, hodisa joyini o‘rganish va uning oqibatlarini bartaraf etish uchun yuborildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Buxorodagi kuchli shamol oqibatida bir kishi qurbon bo‘lgani xabar qilingan edi.