Toshkent shahar hokimligi huzurida maxsus karantin markazi tashkil etiladi

Karantin markazining asosiy vazifalaridan biri koronavirus infeksiyasini yuqtirganlikda gumon qilingan shaxslarni qabul qilish, saqlash va karantin majmuasidan chiqarishni tashkil etish hisoblanadi.
Sputnik

TOShKENT, 27 apr — Sputnik. Toshkent shahar hokimligi huzurida vaqtinchalik karantinda saqlashga moslashtirilgan majmuani boshqarish bo‘yicha maxsus markaz tashkil etiladi. Hukumatning tegishli qarori qabul qilindi.

Karantin markazining asosiy vazifalaridan biri koronavirus infeksiyasini yuqtirganlikda gumon qilingan shaxslarni qabul qilish, saqlash va karantin majmuasidan chiqarishni tashkil etish hisoblanadi.

Karantin markazi Toshkent shahar hokimligining yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan davlat unitar korxonasi shaklidagi tarkibiy bo‘linmasi hisoblanadi.

Karantin markazi direktori Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan kelishilgan holda Toshkent shahar hokimi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.

Karantin majmuasiga tegishli mutaxassis, xodimlar va harbiy xizmatchilar biriktirilib, ular mehnat va xizmat faoliyatini asosiy ish joyidan ajralgan va oylik ish haqi (pul ta’minoti) saqlangan holda olib boradi. Tegishli vazirlik va idoralar tomonidan ularni qo‘shimcha moddiy rag‘batlantirish choralari ko‘riladi.

O‘zbekistonda uy sharoitida karantinda saqlash tartibi belgilandi

Qaror bilan mazkur majmuada epidemiyaga qarshi chora-tadbirlarni amalga oshirish vaqtinchalik tartibi to‘g‘risida nizom tasdiqlandi.

Nizomga muvofiq, chegara bojxona postlaridan o‘tayotgan yo‘lovchilar dastlab sanitariya-karantin punktlarida tibbiy-sanitariya ko‘rigidan o‘tkazilgandan so‘ng chegara va bojxona xizmatlari nazoratidan o‘tkaziladi.

Shunga ko‘ra, chegaradan o‘tayotgan shaxslar ro‘yxati shakllantiriladi va elektron aloqa vositalari orqali markazga yuboriladi.

Markaz shu ro‘yxat asosida karantinga olinadigan shaxslarni joylashtirish uchun karantin majmuasida ularning soniga muvofiq tegishli xonalar ajratilishini ta’minlaydi.

Nizom bilan karantin majmuasiga joylashtirish tartibi belgilandi.

Fuqarolar "Karantin shaharcha"da qanday yashamoqda

Karantinga olingan shaxslar karantin majmuasida 14 kun davomida yoki karantinga olingan shaxsning sog‘lig‘i holatiga ko‘ra sog‘liqni saqlash organlari tomonidan belgilab berilgan muddat davomida saqlanadi.

Karantinga joylashtirilgan shaxslarga tegishli bo‘lgan mobil telefon, audio va video vositalar, kredit kartalar hamda boshqa axborot tashuvchi buyumlar vaqtincha olib qo‘yiladi.

Karantinga olingan shaxslar tashqaridan har qanday ko‘rinishdagi pochta jo‘natmalari, posilka va banderollar qabul qilishi taqiqlanadi, bundan quyidagi jo‘natmalar mustasno:

- surunkali kasalikka chalingan karantinga oligan shaxslar uchun dori-darmon vositlari;

- davolovchi shifokor tavsiyasiga ko‘ra maxsus parhez mahsulotlari;

- bolalarga mo‘ljallangan oziq-ovqat mahsulotlari va zarur gigiyena mahsulotlari;

- qo‘shimcha gigiyena vositalari, kiyim-kechaklar va adabiyotlar.

Karantin majmuasida saqlanayotgan shaxslarni nazorat qilish ichki ishlar va milliy gvardiya organlari xodimlari hamda karantin majmuasi xodimlaridan iborat tarkibda tashkil etiladigan navbatchilik guruhlari tomonidan amalga oshiriladi.