Namanganlik deputat ishi: Bosh prokuratura bayonot berdi

Deputat Yangiqo‘rg‘on ko‘chasida xizmat olib borayotgan IIB xodimlarining qonuniy talablariga bo‘ysunmasdan, ularga qarshilik ko‘rsatgan. Hozir uning ustidan jinoiy ish ochilgan.
Sputnik

TOShKENT, 27 apr — Sputnik. Bosh prokuratura namanganlik deputatga bog‘liq hodisa yuzasidan bayonot berdi.

Bosh prokuratura matbuot kotibi xabariga ko‘ra, 15-aprel kuni Xalq deputatlari Namangan shahar Kengashi deputati T.M. o‘ziga tegishli avtomashinasida Namangan shahar, Yangiqo‘rg‘on ko‘chasida tashkil etilgan blok postiga yetib kelgan.  Shu yerda xizmat olib borayotgan IIB xodimlarining qonuniy talablariga bo‘ysunmasdan, ularga qarshilik ko‘rsatgan.

Namanganlik deputat IIV xodimining pogonini yulib oldi

Ayni holatda JKning 219-moddasi (Hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish)da ko‘rsatilgan jinoyat alomatlari mavjudligi sababli Namangan shahar prokuraturasi 16-aprel kuni yilda deputatni jinoiy javobgarlikka tortish va ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olishga rozilik berish haqida Xalq deputatlari Namangan shahar Kengashiga taqdimnoma kiritadi.

Shu kunning o‘zida mazkur taqdimnomani ko‘rib chiqqan Xalq deputatlari Namangan shahar Kengashi 21-06-sonli qaror bilan T.M.ni jinoiy javobgarlikka tortishga ruxsat berilib, ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olish rad etilgan.

Mazkur holat yuzasidan Kengashning roziligi asosida shahar prokuraturasi tomonidan JKning 219-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Biroq, oradan uch kun o‘tib, ya’ni 19-aprel kuni Xalq deputatlari Namangan shahar Kengashining navbatdan tashqari o‘tkazilgan sessiyasida amaldagi qonunchilikka zid ravishda Kengashning  yuqorida qayd etilgan 21-06-sonli qarori bekor qilinib, T.M.ni jinoiy javobgarlikka tortish va ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olish rad etilgan.

Qo‘qonda COVID-19 haqida yolg‘on xabar tarqatgan deputatga nisbatan jinoyat ishi ochildi

Mazkur holatni bartaraf etish maqsadida Namangan viloyati prokurori tomonidan 21-aprel kuni Xalq deputatlari Namangan viloyati Kengashiga shahar Kengashi chiqargan qarorlarni bekor qilish haqida taqdimnoma kiritilgan.

Ushbu taqdimnoma 25-aprelda viloyat Kengashida ko‘rib chiqilib, shahar Kengashining 16-apreldagi yildagi 21-06-sonli karori o‘zgarishsiz qoldirildi (T.M.ni jinoiy javobgarlikka tortishga ruxsat berilib, ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olish rad etildi) hamda 19-apreldagi yildagi qarori bekor kilindi.

Hozirda jinoyat ishi yuzasidan tergov harakatlari davom etmoqda.