Davlat tilida ish yuritishni ta’minlamagan mansabdorga javobgarlik belgilanishi mumkin

Loyihani ishlab chiqishda xorijiy davlatlarning davlat tili sohasidagi qonunchilik tajribasi o‘rganilgan - adliya vazirligi
Sputnik

TOShKENT, 25 apr - Sputnik. Adliya vazirligi davlat tilida ish yuritishni ta’minlamaganlik uchun mansabdor shaxslarga javobgarlik belgilashni nazarda tutuvchi qonun loyihasini ishlab chiqdi.

Reklama o‘zbek tilida bo‘lishi kerak - bosh vazir

Loyihada davlat tashkilotlarida davlat tilida ish yuritishni ta’minlamaganlik uchun mansabdor shaxslarga nisbatan ma’muriy javobgarlik belgilash nazarda tutilib, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 42-moddasi ikkinchi qism bilan to‘ldirilmoqda.

Ya’ni ushbu moddaga: "Davlat organlari va tashkilotlarida ish yuritishda davlat tili haqidagi qonun hujjatlari talablariga rioya etmaslik, mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi" degan to‘ldirish kiritilmoqda.

Loyihani ishlab chiqishda xorijiy davlatlarning davlat tili sohasidagi qonunchilik tajribasi o‘rganildi.

Qonun qabul qilinishi natijasida davlat organlari, korxonalari va tashkilotlarida ish yuritishning to‘liq ravishda davlat tilida amalga oshirilishiga, ushbu sohada mansabdor shaxslarning mas’uliyati oshishiga va o‘z o‘rnida, davlat tilining rivojlanishi hamda unga bo‘lgan e’tiborning ortishiga olib keladi.

Qonun loyihasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga jamoatchilik muhokamasi o‘tkazilishi uchun joylashtirildi.