TOShKENT, 23 apr - Sputnik. Bugun O‘zbekistondan Rossiyaga insonparvarlik yordamining uchinchi partiyasi yetib keldi. Bu haqida O‘zbekistonning Moskvadagi elchixonasi xabar qilmoqda.
"Bugun, 23-aprel kuni O‘zbekistondan Vnukovo aeroportiga insonparvarlik yordamining uchinchi partiyasi yetib keldi", - deyilgan xabarda.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistondan Rossiyaga tibbiyot niqoblari ortilgan birinchi va ikkinchi samolyotlar 18 va 20-aprel kunlari yetib kelgan edi. O‘shanda O‘zbekiston Rossiyaga 5 million dona tibbiyot niqoblari yetkazib bergani haqida xabar qilingan edi.
Rossiya bosh vaziri Mixail Mishustin ushbu yordam Rossiya va O‘zbekiston munosabatlarining hamkorona tabiatga ega ekanini yana bir bor tasdiqlaganini ta’kidlagan edi.
Epidemiya boshlanish vaqtida Rossiya o‘z navbatida O‘zbekiston va boshqa Markaziy Osiyo respublikalariga koronavirusni aniqlash uchun test-tizximlar yetkazib bergan edi.
Ma’lumot uchun ayni damda O‘zbekistonda 1716 nafar kishida koronavirus infeksiyasi aniqlangan, vafot etganlar soni7 kishini tuzalib ketganlar esa 486 kishini tashkil qildi.
Rossiyada COVID-19 yuqtirgan kishilar soni 62 mingdan oshib ketgan, vafot etganlar soni 550 dan oshgan. Tuzalib ketgan fuqarolar soni 4,8 ming kishini tashkil qilmoqda.