TOShKENT, 22 apr - Sputnik. O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi (DSQ) yirik soliq to‘lovchilarning transport vositalariga ruxsat beruvchi stikerlarni chiqara boshladi, deya xabar beradi idora matbuot xizmati. Ushbu qadam korxonalar ishini yengillashtirishi va karantin davrida ularning keyingi faoliyat yuritishi uchun maqbul shart-sharoitlarni yaratishi kutilmoqda.
Shaxsiy va hizmat transport vositalariga ruxsat beruvchi stikerlarni yirik soliq to‘lovchilar toifasiga kiruvchi korxonalar xodimlari olishlari mumkin.
Bularga:
- aksiz solig‘iga tortiladigan tovarlarni ishlab chiqaruvchi korxonalar;
- banklar va ularning filiallari, tovar xom-ashyo, fond va valyuta birjalari;
- "Navoiy TKMK" DK, "Olmaliq TKMK" OAJ va ularning tarkibiga kiruvchi korxonalar;
- mahsulot taqsimoti to‘g‘risidagi bitim bo‘yicha ishlarni bajarishda ishtirok etuvchi tashkilotlar;
- kalendar yili yakunlariga ko‘ra mahsulot (tovarlar, ishlar va xizmatlar) sotishdan 100 milliard so‘mdan ortiq sof tushumga ega bo‘lgan yuridik shaxslar.
Ruxsat olish stikerini olish uchun soliq to‘lovchining elektron soliq xizmati portalidagi shahsiy kabinetidagi maxsus shaklni to‘ldirib, faqat onlayn tarzda murojaat qilish mumkin. QR-kodli ruxsatnoma bir ish kuni ichida rasmiylashtiriladi. Harakatni amalga oshirish uchun uni chop etish kerak.
"Stikerlar uchun kvotalar DSQ tomonidan har bir soliq to‘lovchiga nisbatan alohida belgilanadi. Ruxsat beruvchi stiker taqdim qilingan kundan boshlab 30 kun ichida harakatlanish huquqini beradi", - deyiladi nashrda.
Stikerni olgan xodimlar mehnat daftarchasi nusxasini va ish joyidan tasdiqlovchi hujjatni olib yurishlari kerak. Ular transport vositalaridan 9.00 dan 18.00 gacha faqat hizmat maqsadlarda va faqat belgilangan yo‘nalish bo‘yicha foydalanishlari mumkin.
So‘rovnoma DSQga yuborilgandan so‘ng, unga o‘zgartirish kiritish mumkin bo‘lmaydi. Ruxsatnoma uchun haq olinmaydi.
Eslatib o‘tamiz, Davlat xizmatlari markazlari 2020-yil 9-apreldan avtomobillar harakatiga maxsus stikerlar berishni to‘xtatgan.