TOShKENT, 21 apr — Sputnik. Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzakov va Yaponiya moliya vaziri Taro Aso ishtirokida videokonferensiya o‘tkazildi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar qildi.
Ta’kidlanishicha, koronavirus infeksiyasining tarqalishiga qarshi kurash va pandemiyaning iqtisodiy oqibatlarini bartaraf etish doirasida Yaponiya hukumatining O‘zbekistonga moliyaviy qo‘llab-quvvatlash istiqbollari, shuningdek, qo‘shma investitsiya loyihalar doirasidagi keyingi qadamlarni amalga oshirish uchun Yaponiya moliya institutlarining qo‘shimcha mablag‘larini jalb qilish masalalari alohida muhokama qilindi.
Yaponiya hukumatiga test-tizimlari va virusga qarshi vositalar shaklida ilgari ko‘rsatilgan gumanitar yordami uchun minnatdorchilik bildirildi.
“Bundan tashqari, O‘zbekistondagi tibbiyot muassasalarini zaruriy asbob-uskunalar – o‘pkani sun’iy shamollatish moslamalari (O‘SSh) va polimeraza zanjiri reaksiyasi (PZR) bilan jihozlash maqsadida yaqin kunlarda Yaponiya hukumatining grant mablag‘larini jalb qilish istiqbollari ishlab chiqiladi”, - deyilgan xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev Sog‘liqni saqlash vazirligiga birlamchi va tibbiy yordam loyihalari doirasida Osiyo taraqqiyot banki hamda Jahon bankining 30 million dollar mablag‘i evaziga o‘pkani sun’iy ventilyatsiya qiluvchi 2 ming 300 ta apparat va boshqa uskunalar sotib olish haqida topshiriq bergan edi.