TOShKENT, 20 apr — Sputnik. Qator tibbiyot muassasalarida koronavirus infeksiyasidan sog‘aygan bemorlarning reabilitatsiyaga kuzatilishi kutilmoqda.
Jumladan, birinchi bo‘lib Andijon viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasida navbatdagi 2 nafar koronavirusga chalingan bemor butunlay sog‘aydi. Ular viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi mas’ullari ishtirokida reabilitatsiyaga kuzatildi.
Tuzalganlardan biri, 39 yoshli ayol Xo‘jaobod tumanidan bo‘lsa, ikkinchisi 51 yoshli ayol Andijon shahridan. Har ikki bemor ham koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlar bilan muloqotda bo‘lib, kasallikni yutirib olishgan.
Viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasidan shu paytgacha 11 nafar bemor sog‘aygan bo‘lsa, endilikda ular 13 nafarga yetdi.
Sog‘aygan bemorlar viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasida shifokorlari tomondan Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyalari asosida olib borilgan to‘g‘ri davolash muolajalar tufayli darddan to‘liq forig‘ bo‘lishdi.
Shuningdek, Buxoro viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot markazidan yana 11 nafar koronavirus infeksiyasiga chalingan bemor butkul sog‘aydi. Ular viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi mas’ullari ishtirokida reabilitatsiyaga kuzatildi.
Shifo topganlarning barchasi joriy yil 25-mart kuni charter reys bilan Rossiyadan Buxoroga olib kelingan va karantinga olingan. Koronavirus infeksiyasi tasdiqlangach, viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markaziga joylashtirilgan. Ulardan 10 nafari erkak, 1 nafari ayol. Bemorlarning 4 nafari Qashqadaryo viloyatidan, 2 nafari Farg‘ona viloyatidan, Toshkent, Buxoro, Namangan, Samarqand viloyatlari hamda Toshkent shahridan esa 1 nafardan. Ular orasida eng yoshi kattasi 54 yoshda bo‘lsa, eng yoshi kichigi 20 yoshda.
Buxoro viloyati bo‘yicha shu paytga qadar 57 nafar bemor sog‘aygan bo‘lsa, endilikda ular 68 nafarga yetdi.
Ayni paytga qadar mamlakat bo‘ylab koronavirus infeksiyasidan jami 238 nafar bemor to‘liq sog‘aydi.