Mirziyoyev Yevropa kengashi prezidenti bilan hamkorlik masalalarini muhokama qildi

Sharl Mishel Yevropa Ittifoqi koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashishda O‘zbekistonga zarur yordam ko‘rsatishga tayyorligini bildirdi. Mamlakatga ushbu maqsadlar uchun moliyaviy-texnik ko‘mak ajratish to‘g‘risida qaror qabul qilingani to‘g‘risida xabar qildi.
Sputnik

TOShKENT, 20 apr — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Yevropa kengashi prezidenti Sharl Mishel bilan telefon orqali muloqot qildi.

Davlat rahbari matbuot xizmati xabariga ko‘ra, suhbat chog‘ida O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi, birinchi navbatda siyosiy-diplomatik, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va gumanitar sohalarda ko‘p qirrali hamkorlikning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

YeTTB O‘zbekiston banklariga 220 mln dollar kredit ajratadi

Ta’kidlanishicha, o‘tgan yil yakunlariga ko‘ra O‘zbekistonning Yevropa Ittifoqi mamlakatlari bilan o‘zaro savdo hajmi sezilarli darajada ortgan. Germaniya, Fransiya, Italiya, Belgiya, Vengriya va Yevropaning boshqa davlatlari yetakchi kompaniyalari ishtirokida muhim investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda, qo‘shma korxonalarning umumiy soni esa 1 mingdan oshdi.

Bundan tashqari, asosiy moliyaviy institutlar, shu jumladan Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Yevropa investitsiya banki bilan samarali hamkorlik kengaymoqda.

Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi yangi bitimni qabul qilishga tayyorgarlikni yil yakuniga qadar yakunlash maqsadida ushbu hujjat loyihasi bo‘yicha faol muzokaralarni davom ettirishga kelishib olindi.

Yevropa kengashi prezidenti O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurash va pandemiyaning mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarga salbiy ta’sirini kamaytirish bo‘yicha ko‘rilayotgan mislsiz qat’iy chora-tadbirlarni yuksak baholadi va to‘liq qo‘llab-quvvatladi.

Yevropa ittifoqi Toshkentning YeOII va JSTga qo‘shilishida muammoni ko‘rmayapti

Sharl Mishel Yevropa Ittifoqi ushbu global xatarga qarshi kurashishda O‘zbekistonga zarur yordam ko‘rsatishga tayyorligini bildirdi, mamlakatga ushbu maqsadlar uchun moliyaviy-texnik ko‘mak ajratish to‘g‘risida qaror qabul qilingani to‘g‘risida xabar qildi.

Suhbatda mintaqaviy ahamiyatga molik masalalar ham alohida ko‘rib chiqildi.

YeK prezidenti Markaziy Osiyoda katta ijobiy o‘zgarishlar ro‘y bergani va mintaqa mamlakatlarining umumiy sa’y-harakatlari bilan erishilgan do‘stlik va ishonch, yaxshi qo‘shnichilik va sheriklik munosabatlarining bugungi darajasini katta mamnuniyat bilan qayd etdi.

Telefon muloqoti chog‘ida, shuningdek, xalqaro ahamiyatga molik qator masalalar hamda bo‘lajak oliy darajadagi tadbirlar rejasi muhokama qilindi.

Suhbat yakunida tomonlar O‘zbekiston va YeI o‘rtasidagi konstruktiv muloqot va keng ko‘lamli hamkorlikni rivojlantirishga intilishlari qat’iy ekanini ta’kidladi.