TOShKENT, 17 apr - Sputnik. Prezident xalq qabulxonalari pandemiya davrida onlayn-rejimda faoliyat yuritmoqda, deb xabar qilmoqda "Xalq bilan muloqot" guruhi.
Xususan, karantin rejimi e’lon qilingan ayni kunlarda Farg‘ona viloyati Xalq kabulxonasiga kelib tushayotgan murojaatlar ham endilikda onlayn tartibda qabul qilinmoqda, har bir murojaat o‘ta qisqa fursatlarda o‘rganilmoqda.
O‘tgan bir hafta davomida Bag‘dod tumanida 700 dan ziyod ehtiyojmand oilalarga ijtimoiy ko‘mak paketlari – oziq-ovkat mahsulotlari to‘plami markazlashgan holda yetkazib berilgan. Hozirda esa yana 1300 ta oilaga shunday ko‘mak mahsulotlari tayyorlanmoqda.
Tumandagi homiylar tomonidan yetkazib berilgan oziq-ovqat mahsulotlari sanitariya va gigiyena meyorlariga to‘liq amal qilingan holatda saranjomlanib, mahallalar kesimida shakllantirilgan ro‘yxatlar asosida ko‘mak kutayotgan insonlarga yetkazilmoqda.
Furqat tumanida prezident Xalq qabulxonasi tomonidan dehqon bozorlaridagi narx-navolar mo‘’tadilligini saqlash, ayniqsa, narxlarning sun’iy o‘sib ketishidek noxush hollarga yo‘l qo‘ymaslik masalasiga e’tibor kuchaytirilgan. Bundan tashqari, dehqon bozorlariga yetkazuvchi yo‘llar karantin talablariga ko‘ra dezinfeksiyalanmokda, bozorlarga kirishda sanitar-shifokorlar faoliyati tashkil etildi, bozor hududlari muntazam zararsizlantirilmokda.
Shunday sinovli kunlarda prezident xalq qabulxonasi farg‘onaliklarni birdamlikda va hamjixatlikda ish tutib, yon-atrofdagilarni ko‘llab-quvvatlash, avvalambor, insoniy mehr-oqibat rishtalarini mustahkamlashga ertayu kech xizmat qilmoqda.