O‘zbekiston va BAA umumiy loyihalar doirasidagi hamkorlikni davom ettiradi

O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S. Umurzakov va Birlashgan Arab Amirliklari hukumat ishlari va kelajak vaziri Muhammad bin Abdulloh al Gergavi ishtirokidagi videokonferensiya o‘tkazildi.
Sputnik

TOShKENT, 16 apr — Sputnik. Joriy yil 14-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S. Umurzakov va Birlashgan Arab Amirliklari hukumat ishlari va kelajak vaziri Muhammad bin Abdulloh al Gergavi ishtirokidagi videokonferensiya o‘tkazildi.

BAA O‘zbekistonga 8 tonnalik insonparvarlik yordamini jo‘natdi

Asosiy e’tibor investitsiyalar va savdo-iqtisodiy hamkorlikning dinamikasi, natijalari, ularning yaqin istiqboldagi kelajagi va hamkorlikning dolzab masalalariga qaratildi. Davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish bo‘yicha hamkorlik doirasida sezilarli yutuqlarga erishilganligi, koronavirus pandemiyasi keltirib chiqargan mavjud cheklovlarga qaramay, ushbu tashabbus doirasida O‘zbekiston va BAA vazirliklari va idoralaridan tuzilgan barcha 22 ishchi guruhlardagi aloqalar videokonferensiyalar orqali faol ravishda davom etayotganligi ta’kidlandi.

Muhammad bin Abdulloh al Gergavi Amirlik tomoni O‘zbekiston Respublikasi bilan erishilgan kelishuvlarga sodiq qolishini va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha ishlar jadal sur’atlar bilan davom ettirilishini ta’kidladi.

Tomonlar O‘zbekistonda loyihalarni amalga oshirish bilan bog‘liq dolzarb masalalar, ususan, logistika markazi va sanoat zonalarini yaratish, Navoiy shahrida “quruq port” tashkil etish loyihalari, qurilish va ko‘chmas mulk sohasi, shuningdek boshqa amalga oshirilayotgan tashabbuslar ko‘rib chiqildi – belgilagan yo‘nalishlarda ularni amalga oshirishni jadallashtirish bo‘yicha kelgusi qadamlar yuzasidan fikr almashdilar.

Pandemiya tarqalishiga qarshi kurashish, aholi salomatligi va mamlakatda iqtisodiy faollikni saqlash bo‘yicha O‘zbekiston hukumatining qat’iy xarakatlarining ahamiyati alohida e’tiborga olindi. Shuningdek, O‘zbekiston tomoni BAA hukumatining COVID-19 tarqalishiga qarshi kurashish uchun yuborilgan tibbiy niqoblar, kombinezonlar qo‘lqoplar va boshqa ko‘rsatiladigan gumanitar yordamlari uchun minnatdorchilik bildirdi.

Videokonferensiya natijalariga ko‘ra yanada faol hamkorlik qilish va ikki tomonlama hamkorlikning dolzarb masalalarini tezkor hal qilish uchun turli darajadagi onlayn-sessiyalarni o‘tkazish amaliyotini davom ettirish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.