Xitoy hukumati COVID-19 Uxandagi laboratoriyada yaratilganini inkor qildi

Xitoy TIVi Fox Newsda e’lon qilingan xabar ilmiy nuqtayi nazardan tasdiqlanmagan va haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi deb ta’kidladi.
Sputnik

TOShKENT, 16 apr - Sputnik. Xitoy Tashqi ishlar vazirligi AQShning Fox News telekanalida e’lon qilingan, koronavirus bilan birinchi bo‘lib kasallangan patsiyent Uxan Virusologiya instituti xodimi bo‘lganini rad etdi. RIA Novosti xabariga asosan.

Xitoy TIV vakili Chjao Liszan bunday fikr ilmiy nuqtayi nazardan tasdiqlanmagan va haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi, deb ta’kidladi.

“Men barchaning diqqatini shunga qaratmoqchimanki, ushbu virus sun’iy yo‘l bilan laboratoriyada yaratilgani haqida hech qanday dalil isbot yo‘qligini JSST bir necha bor ta’kidlagan edi. Dunyodagi barcha taniqli mutaxassislar ham shunday fikrda”, - dedi TIV vakili Chjao Liszan.

Eslatib o‘tamiz, 2019-yil oxirida Xitoyning Uxan shahrida koronavirus infeksiyasi keskin tarqalishi boshlangan edi. Buning oqibatida ushbu epidemiya butun dunyoga tarqaldi. Mart oyining boshida JSST umumjahon pandemiyasini e’lon qildi. Ayni damda dunyoda kasallik yuqqanlar soni 2 million kishidan oshdi.