TOShKENT, 14 apr — Sputnik. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi boshlig‘i Nurmat Otabekov koronavirusga ommaviy test o‘tkazish bilan bog‘liq savolga javob berdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu kasallik bo‘yicha aholini yoppasiga testdan o‘tkazish biror bir davlat amaliyotida qo‘llanilmayapti.
“Tasavvur qiling, 34 million odamni birdaniga bir kunda tekshirish uchun (bitta PSR apparati bir kunda 400 tahlil o‘tkazishi mumkin) 85 mingta PSR apparati (agar ikki kunda — 40 mingta, 3 kunda — 23 ming, 10 kunda — 8,5 ming) kerak bo‘ladi, unga esa shuncha shifokor-virusolog lozim bo‘ladi”, - dedi u AOKAdagi brifingda.
Otabekov ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda esa barcha shifokorlarning umumiy soni — 75 mingga yetmaydi. Buning ustiga hozirgacha testdan o‘tgan 100 ming aholi va har kuni test sinovidan o‘tkazilayotgan 8-9 ming aholi davlat mablag‘lari xisobidan testdan o‘tkazilayapti. PSR laboratoriyalar ham O‘zbekistonda 40 dan ortiqroq, u yerdagi PSR apparatlari esa eng ko‘pi bilan 200 ta bo‘lishi mumkin.
Nurmat Otabekov hozir O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ishlar va yaratilgan tizimni Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tan olayotgani va eng samarali usul deb e’tirof etayotganini qo‘shimcha qildi.
Eslatib o‘tamiz, mamlakatda 1054 kishida COVID-19 aniqlangan. Shulardan 89 nafari to‘liq tuzalib ketdi. 4 kishi esa vafot etdi.