Xorazmda yangi tuman hokimligi tashkil etildi

2020 yil 1-sentabrga qadar yangi tashkil etilgan tuman markazining 2035-yilgacha bo‘lgan bosh rejasi ishlab chiqiladi.
Sputnik

TOShKENT, 13 apr — Sputnik. Xorazmda Tuproqqal’a tumani hokimligi tashkil etildi. Tegishli prezident qarori 2020-yil 11-aprel kuni qabul qilindi.

Qaror bilan davlat boshqaruvi organlari va xo‘jalik birlashmalarining Tuproqqal’a tumanidagi bo‘linmalari ro‘yxati hamda ushbu tumanni tashkil etish bilan bog‘liq tashkiliy masalalarni hal etish bo‘yicha respublika komissiyasi tarkibi tasdiqlandi.

Surxondaryo viloyati tarkibida yangi tuman tashkil etiladi

Respublika komissiyasi tumanni tashkil etish bilan bog‘liq zarur kompleks tashkiliy-texnik tadbirlar rejasini ishlab chiqadi, shuningdek yuzaga keladigan ijtimoiy masalalarning o‘z vaqtida hal etilishini ta’minlaydi.

Tumanda qo‘shimcha shtat birliklari ajratilgan holda adliya bo‘limi va fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlari, shuningdek davlat xizmatlari markazi tashkil etiladi.

2020 yil 1-sentabrga qadar tuman markazining 2035-yilgacha bo‘lgan bosh rejasi ishlab chiqiladi.

Shuningdek, tumanning butun hududi uchun “Hazorasp” erkin iqtisodiy zonasida belgilangan imtiyoz va preferensiyalar amal qilishi belgilandi.