IIV “vatanparvar blogerlar” guruhini tashkil etishni taklif qildi

Ta’kidlanishicha, ular ijtimoiy tarmoqlardagi salbiy fikrlarni aniqlash va tarmoq foydalanuvchilarini ularning ta’sir tushib qolishlarining oldini olishda yordam beradi.
Sputnik

TOShKENT, 13 apr — Sputnik. O‘zbekiston IIV Yoshlar ittifoqi a’zolari, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti talabalari va ko‘ngilli yoshlar ishtirokida vatanparvar blogerlar virtual guruhini tashkil etishni taklif qildi. Taklif muhokamaga qo‘yilgan “Voyaga yetmagan va yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasini tashkil etish samaradorligini oshirish bo‘yicha” prezident qarori qonun loyihasi “yo‘l xaritasining” 9-bandida o‘z aksini topgan.

“Ular yordamida ijtimoiy tarmoqlardagi salbiy fikrlarni aniqlash hamda tarmoq foydalanuvchilarini ularning ta’sir doirasiga tushib qolishlarining oldini olish maqsadida bildirilayotgan salbiy fikrlarga murosasizlik muhitini yaratish”, - deyilgan hujjatda.

Bundan tashqari, hujjat bilan barcha ta’lim muassasalarida voyaga yetmaganlar va yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish ishlarini quyidagilarni nazarda tutuvchi “Xavfsiz ta’lim muassasasi” tamoyiliga asoslangan holda tashkil etish taklifi ma’qullanmoqda:

  • ta’lim oluvchilarda qonunga hurmat, huquqbuzarliklarga murosasizlik madaniyatini shakllantirish va huquqiy nigilizmga barham berishga qaratilgan tizimli chora-tadbirlarni amalga oshirish;
  • ta’lim oluvchilarni ommaviy madaniyat, zo‘ravonlik, shafqatsizlikni targ‘ib qiluvchi va pornografik mahsulotlarning g‘ayriqonuniy muomalasidan, terrorizm, ekstremizm va boshqa buzg‘unchi g‘oyalardan samarali himoya qilish, yoshlarni Internet jahon axborot tarmog‘idan foydalanish madaniyatini shakllantirish;
  • umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, kasb-hunar va oliy ta’lim muassasalarida ta’lim oluvchilarning o‘quv mashg‘ulotlariga qatnashishi davomatini nazorat qilish, shuningdek ular tomonidan sovuq qurollarni olib yurish kabi salbiy holatlarning oldini olish;
  • ta’lim oluvchilarni fanlarni chuqur o‘zlashtirish, chet tillarini o‘rganish, sport bilan shug‘ullanish va boshqa ijtimoiy foydali to‘garaklarga jalb qilish qamrovini kengaytirish;
  • ta’lim oluvchilarning tamaki, alkogol mahsuloti va kishining aql-idrokiga ta’sir qiladigan boshqa moddalarni iste’mol qilishining oldini olish;
  • voyaga yetmaganlar va yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish ishlarini tashkil etishda ko‘ngilli asosda ko‘maklashish bo‘yicha ta’lim oluvchilarning tashabbuskor tashkilotlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish;
  • “ta’lim muassasasi – oila – mahalla” hamkorlik tizimi asosida ta’lim oluvchilarning g‘ayriijtimoiy va huquqbuzarlik sodir etishga moyil xulq-atvorini bartaraf etish choralarini ko‘rish.

Shuningddek, oliy ta’lim muassasalarida voyaga yetmaganlar va yoshlar bilan ishlash bo‘yicha inspektor lavozimini joriy etish taklif qilinmoqda.

Qolaversa, Voyaga yetmaganlar va yoshlar bilan ishlash tizimini rivojlantirish jamg‘armasini tashkil etish ko‘zda tutilmoqda.

Uni shakllantirish manbalari O‘zbekiston yoshlar ittifoqining rivojlantirish jamg‘armasi tushumlarining 10 foizi, ichki ishlar organlari huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘linmalari tomonidan aniqlangan voyaga yetmaganlar va ularning ota-onalari yoki ularining o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan sodir etilgan ma’muriy huquqbuzarliklarga doir ishlar bo‘yicha undirilgan jarima mablag‘lari summasining 15 foizi, xalqaro moliya institutlari va boshqa xorijiy donorlarning grantlari hamda qonunchilik bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar etib belgilanadi.