Shifokorlar har 5-yilda malaka toifasini olish bo‘yicha majburiy attestatsiyadan o‘tadi

2021 yil 1-yanvardan boshlab shifokorlar uchun har 5-yilda malaka toifasini olish bo‘yicha majburiy attestatsiyadan o‘tish tartibi kiritiladi.
Sputnik

TOShKENT, 8 apr — Sputnik. 2021-yil 1-yanvardan boshlab shifokorlar uchun har 5-yilda malaka toifasini olish bo‘yicha majburiy attestatsiyadan o‘tish tartibi kiritiladi. Attestatsiyani onlayn tartibda audio va videokuzatuv ostida tashkil etish tizimi joriy etiladi.

Prezident imzolagan qarorga muvofiq, 2020-yil 1-sentabrdan Nukus, Andijon, Buxoro, Samarqand, Urganch va Farg‘ona shaharlarida joylashgan tibbiyot OTMlarida belgilangan tartibda falsafa doktori (PhD) va fan doktori (DSc) ilmiy darajalarini beruvchi ilmiy kengashlar tashkil etiladi.

Tibbiyot OTMlarida chet tilini bilgan talabalar stipendiyasiga qo‘shimcha ustama to‘lanadi

Shuningdek, Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazi (Markaz) etib qayta tashkil etiladi.

- Toshkent shahridagi 1-son Respublika klinik shifoxonasi negizida Markazning ko‘p tarmoqli klinikasi tuziladi;

- tibbiyot OTMlari mavjud bo‘lmagan hududlarda (Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Namangan va Sirdaryo viloyatlarida) hududiy ko‘p tarmoqli tibbiyot markazlarida Markazning filiallari ochiladi.

Markazda xalqaro standartlarga javob beradigan o‘quv-simulyatsion markazi tashkil qilinadi.

Shuningdek, 2021-yil 1-yanvardan boshlab birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari tibbiyot xodimlarini attestatsiyadan o‘tkazish uchun to‘lov bekor qilinadi.