YeTTB O‘zbekiston banklariga 220 mln dollar kredit ajratadi

Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki koronavirus pandemiyasining iqtisodiy oqibatlarini pasaytirish borasida O‘zbekistonga moliyaviy ko‘mak ko‘rsatadi
Sputnik

TOShKENT, 8 apr — Sputnik. Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) koronavirus pandemiyasining O‘zbekistondagi ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarga bo‘lgan ta’sirini yumshatish maqsadida 220 mln dollar ajratadi. Bu haqda Investitsiya va tashqi savdo vazirligining matbuot xizmati xabar qildi.

Jahon banki O‘zbekistonga 1,2 milliard dollar kredit beradi

Vazirlik xabariga ko‘ra, investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzakov YeTTB prezidenti Suma Chakrabarti bilan o‘tkazgan videokonferensiyada O‘zbekiston tomonidan berilgan so‘rovga javoban ko‘maklashishning birinchi bosqichi muhokama qilingan.

YeTTB tomonidan shakllantirilgan Birdamlik paketi (Paketning umumiy miqdori 1 mlrd dollar) hisobidan to‘rtta o‘zbek tijorat bankiga umumiy qiymati 220 mln dollar bo‘lgan kichik va o‘rta biznes loyihalarini moliyalashtirish uchun kredit liniyalari va savdoni moliyalashtirish liniyalari taqdim etiladi.

Shuningdek, aholi va korxonalar tomonidan to‘lab boriladigan kommunal to‘lovlar tushumlarini pasayishi oqibatida qiyinchilikka duch kelgan hududiy kommunal korxonalarning aylanma kapitalini qo‘llab-quvvatlash masalasi ham muhokama etilgan. YeTTB ushbu yo‘nalishga 100 mln dollar miqdorigacha bo‘lgan moliyalashtirishni taqdim etish masalasini ko‘rib chiqishini ma’lum qildi.