Chet eldan qaytishni istamaganlarning fuqarolikdan chiqarilishi haqidagi xabar rad etildi

Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston prezidenti 31-mart kuni yig‘ilish o‘tkazgani va barcha fuqarolarni 10-aprelga qadar vatanga qaytarish to‘g‘risida farmon imzolagani, vatanga qaytishni istamaganlar fuqarolikdan mahrum qilinishi haqida xabarlar tarqalmoqda.
Sputnik

TOShKENT, 8 apr — Sputnik. Tashqi ishlar vazirligi O‘zbekistonga qaytishni istamagan shaxslar mamlakat fuqaroligidan mahrum qilinishi haqidagi xabarlarni inkor qildi.

Ma’lum qilinishicha, Tashqi ishlar vazirligiga, chet eldagi, ayniqsa qo‘shni mamlakatlardagi diplomatik vakolatxonalarga ham shu mavzuda ko‘plab murojaatlar kelib tushmoqda.

“Ushbu xabar esa hech bir rasmiy manbalarda e’lon qilinmagani sababli haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini ma’lum qilamiz”, - deyilgan xabarda.

Vazirlik fuqarolardan asossiz xabarlarni tarqatmaslikni, ijtimoiy tarmoqlardagi biror ma’lumotni bo‘lishishdan oldin uni rasmiy manbalar orqali tekshirib ko‘rishni so‘ragan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston fuqarolarini Rossiyadan olib ketish masalasi 20-aprelgacha qoldirilgani xabar qilingan edi.