Karantinni mensimay ko‘chada yurgan instagram "yulduzlari" 15 sutkaga qamaldi

Karantin qoidalarini buzib, Amir Temur haykaliga hurmatsizlik qilgan uch nafar fuqarolar 15 sutkaga qamaldi.
Sputnik

TOShKENT, 7 apr - Sputnik. Karantinni mensimay ko‘chada niqobsiz yurgan va ushbu yurishlarini videoga olib instagramga joylagan 3 nafar fuqaroga sud hukmi o‘qildi, deb xabar qilmoqda Oliy Sud matbuot xizmati. 

Uch nafar fuqarolar: K. Majidova(22yosh), U. Hamidov (27 yosh) va O. Razikov(30 yosh) larga nisbatan  Yunusobod tumani sudida  Ma’muriy javobgarlik kodeksining 54-moddasi (Epidemiyalarga qarshi kurashish qoidalarini buzish) hamda 183-moddasi (Mayda bezorilik)ga asosan 15  sutkadan ma’muriy qamoq jazosi belgilandi. 

Ma’lum bo‘lishicha ushbu fuqarolar 1 aprel kuni Toshkent shahridagi Amir Temur hiyobonida jamoat joylarida niqobsiz bo‘lish qoidalarni buzishgan. Shuningdek, koronavirus epidemiyasi O‘zbekistondan qachon ketishi haqida so‘rab Amir Temur haykaliga murojaat qilishgan. Bu bilan ular Amir Temur timsoliga hurmatsizlik bildirishgan. Jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimaslikda ifodalangan harakatlarini videotasvirga tushirib, olingan videolavhani 2020-yil 6-aprel kuni Internetdagi ijtimoiy tarmoqga joylashtirishgan.

Eslatib o‘tmiz, ayni damda O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi tarqalishini oldini olish maqsadida o‘z-o‘zini izolyatsiya qilish tartibi kuchga kirgan. Unga binoan fuqarolarga muhim sabab (oziq-ovqat xarid qilish yoki dorixonaga borish) bo‘lmaganda uyidan chiqish ta’qiqlanadi.