O‘zbekistonda shaxsiy avtomobillarda harakatlanish cheklandi

O‘zbekistonda 30-martdan 20-aprelga qadar shaxsiy manfaat yo‘lida avtomobildan foydalanish qat’iyan man etilmoqda.
Sputnik

TOShKENT, 29 mar — Sputnik. 2020-yil 30-mart soat 06:00 dan 20-aprel soat 00:01 ga qadar viloyatlararo, Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyatlar markazlarida Davlat xizmatlari markazlari tomonidan beriladigan maxsus ruxsatnoma (stiker)lar asosida avtotransport vositalari harakatlanishiga ruxsat beriladi. Bu Respublika maxsus komissiyasining qarori qabul qilindi.

Mazkur ruxsatnomalar quyidagi faoliyatlarni amalga oshirish uchun biriktirilgan avtotransport vositalariga taqdim etiladi:

  • oziq-ovqat mahsulotlari, dori vositalari va tibbiy buyumlar savdosi bilan shug‘ullanadigan tashkilotlarning xizmat avtotransport vositalari, shuningdek, mazkur tashkilotlarda doimiy mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan xodimlarning shaxsiy avtotransport vositalari;
  • sanitariya va gigiyena mahsulotlarini (koronavirus infeksiyasidan himoyalovchi va dezinfeksiya qiluvchi vositalar) ishlab chiqaruvchi va chakana savdo, dorixona faoliyati bilan shug‘ullanuvchi yuridik va jismoniy shaxslarning avtotransport vositalari;
  • Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq va Zangiota tumanlarida, Toshkent shahrining Olmazor, Chilonzor va Yashnobod tumanlarida barpo etilayotgan shifoxona va xiyobonlar qurilishiga jalb etilgan yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlarga tegishli avtotransport vositalari.

Yuridik va jismoniy shaxslarning ishchi xodimlari markazlashgan tartibda avtobus (mikroavtobus) orqali Koraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahri, Toshkent shahri va viloyat markazlariga kiritiladi.

Shuningdek, ko‘chalarda harakatlanish uchun quyidagi avtotransport vositalariga maxsus ruxsatnoma talab etilmaydi:

  • O‘zbekiston va xorijiy davlatlarning diplomatik xizmati xodimlari hamda O‘zbekiston TIV takliflariga muvofiq tashrif buyurgan xalqaro tashkilotlar delegatsiyalari a’zolarining tegishli avtotransport vositalariga;
  • aholi va tashkilotlarga kommunal xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlarga (gaz, elektr energiyasi, issiqlik ta’minoti, sovuq suv, suv oqava va boshqa tashkilotlar) tegishli avtotransport vositalariga;
  • aloqa xizmatlarini ko‘rsatuvchi tashkilotlarga tegishli avtotransport vositalari hamda “O‘zbekiston pochtasi” AJning pochta jo‘natmalariga;
  • tijorat banklariga tegishli xizmat avtotransport vositalariga;
  • tibbiy va epidemiologik xizmatlar ko‘rsatuvchi korxonalarning avtotransport vositalariga;
  • huquqni muhofaza qiluvchi organlar va maxsus hamda qutqaruv korxonalarining avtotransport vositalariga;
  • N1, N2 va N3 toifaga kiruvchi avtotransport vositalariga hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini olib kelayotgan M1 (bir nafar yo‘lovchi bilan) toifadagi avtotransport vositalariga;
  • viloyat, shahar va tuman hokimlari va ularning o‘rinbosarlarining avtotransport vositalariga;
  • yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanish litsenziyasiga ega bo‘lgan yo‘nalishsiz taksilarga (o‘zlarining ro‘yxatdan o‘tgan ma’muriy hududi doirasida) yo‘lovchilarsiz, yetkazib berish xizmati (kuryer, dostavka)lariga;
  • yetkazib berish xizmati (keytering) tashkilotlarining avtotransport vositalariga, shuningdek, yo‘lovchi tashish xizmatini ko‘rsatuvchi tashkilotlarning yetkazib berish xizmatini ko‘rsatayotgan avtotransport vositalariga;
  • fuqarolarga kechiktirib bo‘lmaydigan tez tibbiy yordam ko‘rsatish (homiladorlik, tan jarohati, inson hayotiga xavf tug‘dirayotgan boshqa holatlar) bilan bog‘liq hollarda tibbiyot muassasasiga borayotgan va undan qaytayotgan shaxsiy avtotransport vositalariga;
  • dafn marosimlarida xizmat ko‘rsatuvchi maxsus avtotransport vositalariga;
  • YPX avtomobillari yordamida kuzatilayotgan avtotransport vositalari shular jumlasidan.

Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyatlar markazlarida DXM tomonidan beriladigan maxsus ruxsatnoma talab etiladigan avtotransport vositalariga maxsus ruxsatnomalar berish tizimi joriy yilning 29-mart soat 09:00 dan amaliyotga joriy etiladi.

Maxsus ruxsatnoma asosida harakatlanadigan avtotransport vositalari faqatgina ushbu muassasa va tashkilotlar faoliyati bilan bog‘liq holda harakatlanishiga ruxsat beriladi.  Shaxsiy manfaat yo‘lida foydalanish qat’iyan man etiladi.