BAA O‘zbekistonga 8 tonnalik insonparvarlik yordamini jo‘natdi

Tibbiy niqoblar, qo‘lqoplar, himoya kostumlari va boshqa vositalar bo‘lgan maxsus reys Toshkent aeroportida kutib olindi.
Sputnik

TOShKENT, 29 mar — Sputnik. Birlashgan Arab Amirliklari hukumati O‘zbekistonga 8 tonnalik insonparvarlik yordamini jo‘natdi. Bu haqda O‘zbekiston aralash jang san’atlari assotsiatsiyasi prezidenti va O‘zbekiston Triatlon federatsiyasi raisi Otabek Umarov ma’lum qildi.

“Birlashgan Arab Amirliklari hukumatiga pandemiyaga qarshi kurashda O‘zbekiston xalqiga ko‘rsatgan yordami uchun minnatdorlik izhor etaman! Bugun 8 tonnadan ortiq gumanitar yordam maxsus reys bilan Toshkent aeroportiga olib kelindi. Tibbiy niqoblar, qo‘lqoplar, himoya kostumlari va boshqa vositalar bizga COVID-19 hujumiga qarshi turishga yordam beradi”, - deya yozgan Umarov o‘zining telegram kanalida.

BAA O‘zbekistonga 8 tonnalik insonparvarlik yordamini jo‘natdi

OAV xabariga ko‘ra, ushbu yuklar O‘zbekiston SSVga topshirilgan va vazirlik koronavirusdan davolanayotgan va karantindagi fuqarolar bo‘lgan tibbiyot muassasalariga taqsimlab beradi.

“Biz bu og‘ir damlarda yolg‘iz emasligimizni bilishdan mamnunmiz va ayniqsa mamlakatingiz old qatorlarda koronavirusga qarshi kurash olib borayotgan bir paytda bizni ham qo‘llab-quvvatlayotganingizni qadrlaymiz”, - deya ta’kidlagan Triatlon federatsiyasi raisi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi bilan kasallanganlar soni 104 nafarni tashkil etmoqda. Ikki kishi ushbu infeksiyadan vafot etdi.