O‘zbekiston ayrim dori vositalari importi uchun vaqtincha boj to‘lovini bekor qildi

Bu haqda prezident tomonidan imzolangan "Aholining dori vositalari, tibbiy buyumlar, tibbiy texnika va eng zarur tovarlarga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida" qarorida aytilgan.
Sputnik

TOShKENT, 28 mar - Sputnik. O‘zbekiston hukumati chetdan kirayotgan ayrim dori vositalari uchun boj undirishni vaqtincha bekor qildi.

Toshkent koronavirusga qarshi kurashayotganlarni fleshmob bilan olqishladi

Bu haqda  prezident tomonidan 27-mart kuni imzolangan "Aholining dori vositalari, tibbiy buyumlar, tibbiy texnika va eng zarur tovarlarga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida" qarorda aytilgan.

Hujjatga muvofiq, koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kuchaytirilgan tartibning amal qilish davrida Sog‘liqni saqlash vazirligi va Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi tomonidan taqdim etilgan ro‘yxat bo‘yicha bojxona chegarasi orqali o‘tkazilayotgan zarur dori vositalari, tibbiy buyumlar, tibbiy texnika, ularni ishlab chiqarish uchun ishlatiladigan xomashyo, materiallar va substansiyalarga nisbatan bojxona bojlari undirilmaydi.

Shuningdek, Davlat soliq qo‘mitasi, Davlat bojxona qo‘mitasi va Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi: dori vositalari, tibbiy buyumlar, tibbiy texnika, ularni ishlab chiqarish uchun ishlatiladigan materiallar va substansiyalar, eng zarur tovarlar narxlari ustidan kunlik monitoring o‘tkazishni ta’minlaydi. Ularning narxlarini sun’iy oshirish, sun’iy tanqislik va yuqori talabni vujudga keltirishga yo‘l qo‘ymaslik ustidan qat’iy nazorat o‘rnatadi.