SSV koronavirus bemorlari haqida ma’lumot berdi

Koronavirus infeksiyasiga chalingan 83 nafar fuqarodan 23 nafari xorijda bo‘lgan, 60 nafari esa ular bilan muloqotda bo‘lgani uchun yuqtirib olgan.
Sputnik

TOShKENT, 27 mar — Sputnik. Sog‘liqni saqlash vazirligi koronavirusga chalingan bemorlar haqida ma’lumot berdi.

Koronavirusdan vafot etgan kishi qay tarzda dafn etiladi - Fatvo hay’ati

Xabarda aytilishicha, ayni paytda O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilishi holatlari 83 tani tashkil etmoqda. Ulardan 35 nafari erkak, 48 nafari esa ayollar. Shundan 5 nafari voyaga yetmagan bolalar.

“Yosh jihatdan qaraydigan bo‘lsak, 0-9 yoshgacha – 5 nafar, 10-19 yoshgacha – 2 nafar, 20-29 yoshgacha – 24 nafar, 30-39 yoshgacha – 17 nafar, 40-49 yoshgacha – 16 nafar, 50-59 yoshgacha – 11 nafar, 60-69 yoshgacha – 7 nafar hamda 70 – 79 yoshgacha bo‘lganlar ham 1 nafarni (miokard infarktdan vafot etgan bemor) tashkil etmoqda”, - deyilgan xabarda.

Hozirga qadar Fransiya, Turkiya, BAA, Rossiya, Saudiya Arabistoni hamda Shveysariya davlatlarida bo‘lib qaytgan 23 nafar fuqaroda koronavirus infeksiyasi aniqlangan bo‘lib, 60 nafar fuqaro esa ular bilan yaqin muloqotda bo‘lgani uchun yuqtirib olishgan.

Ayni paytda koronavirus infeksiyasi bilan kasallanganlarning 6 nafari Farg‘ona, 5 nafari Namangan va 3 nafari esa Andijon viloyatlaridagi yuqumli kasalliklar shifoxonasida davolanmoqda.

22 mart kuni Istanbul–Buxoro charter reysida O‘zbekistonga olib kelinib, karantinga olingan fuqarolar orasidan poytaxtlik, Toshkent va Andijon viloyatidan 3 nafar kishida ham koronavirus infeksiyasi aniqlangandi. Ushbu bemorlar Buxoro viloyatidagi yuqumli kasalliklarga ixtisoslashgan shifoxonada davolanishmoqda. Qolgan bemorlar esa Toshkentdagi Virusologiya ilmiy tekshirish instituti klinikasiga yotqizilgan. Shifokorlar tomonidan barcha bemorlarga standartlar asosida davolash muolajalari olib borilmoqda.

SSV koronavirus bemorlari haqida ma’lumot berdi