O‘zbekiston fuqarolarining Koreyaga ishga yuborilishi noma’lum muddatga qoldirildi

O‘zbekiston fuqarolarining Koreya Respublikasida mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun yuborilishi noma’lum muddatga qoldirilgan.
Sputnik

TOShKENT, 27 mar — Sputnik. O‘zbekiston fuqarolarining Koreya Respublikasida mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun yuborilishi noma’lum muddatga qoldirilgan. Bu haqda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining axborot xizmati ma’lum qildi. 

Koronavirusni davolashda tavsiya etilgan dorilar ro‘yxati e’lon qilindi - Rossiya SSV

Ta’kidlanishicha, joriy yilning mart-oylarida vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun fuqarolarning Koreya Respublikasiga yuborilishi rejalashtirgan, buning uchun Koreya Respublikasi ish beruvchilari tomonidan shartnoma loyihalari va viza tasdiqnomalari berilgan.

Ammo koronavirus infeksiyasining kirib kelganligi bois O‘zbekiston hududida karantin e’lon qilingan va hukumat Maxsus komissiyasining qaroriga muvofiq dunyoning barcha davlatlari bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi xalqaro avia, temir yo‘l va avtobus aloqalari, chegara o‘tkazish punktlarida harakat taqiqlangan.

Aynan shuning uchun shartnoma loyihalari kelgan O‘zbekiston fuqarolarini Koreya Respublikasiga mehnat faoliyatini olib borish uchun yuborilishi noma’lum muddatga qoldirilgan.

Epidemiologik vaziyatning barqarorlashishi bilan O‘zbekiston fuqarolari Koreya Respublikasiga yuborilishi Agentlik hamda mutasaddi tashkilotlar tomonidan nazoratga olingan.