Bloomberg koronavirus tufayli dunyo savdosi uchun asosiy tahdidni aytdi

Bloomberg nashri koronavirus tufayli davlatlar qasddan o‘z mahsulotlarini “to‘play boshlagan”lariga e’tibor qaratdi.
Sputnik

TOShKENT, 26 mar - Sputnik. Yangi koronavirus shtammining tarqalishi sababli ko‘plab mamlakatlarning oziq-ovqat mahsulotlarini eksport qilishni to‘xtatish qarori dunyo savdosiga tahdid solmoqda, deb yozadi Bloomberg agentligi.

Bloomberg koronavirus tufayli davlatlar qasddan o‘z mahsulotlarini “to‘play boshlagan”lariga e’tibor qaratmoqda. Ekspertlar mamlakatlarning bunday xatti-harakatlarini pandemiya davridagi xudbinlik deb atashadi.

Shunday davlatlardan biri Qozog‘iston bo‘ldi. Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, bug‘doy uni global ta’minotining katta qismi respublika hissasiga to‘g‘ri keladi.

"Dunyo bo‘ylab ko‘plab non ishlab chiqarish zavodlari qozoq uniga ishonishadi", - deyiladi maqolada.

Bundan tashqari, Qozog‘iston grechka, shakar, piyoz, sabzi va kartoshkani eksport qilishni to‘xtatdi.

Koronavirus vahimasi: Yaponiyada supermarket rastalari bo‘shab qoldi

Shunga o‘xshash choralar guruch eksporti bo‘yicha dunyoda uchinchi o‘rinda turadigan Vetnam tomonidan ham amalga oshirildi. Mamlakat koronavirus pandemiyasi paytida o‘z oziq-ovqat xavfsizligini hisobga olib, mahsulotni xorijiy xaridorlarga yetkazib berishni to‘xtatdi.

Serbiya kungaboqar yog‘i va boshqa tovarlarni eksport qilishni to‘xtatdi va Rossiya jahon bozoriga barcha don mahsulotlarini yetkazib berish kanalini to‘sib qo‘ydi.

Bloomberg nashri ta’kidiga ko‘ra, koronavirus ta’minot zanjirlariga uzoq muddatli ta’sir ko‘rsatishi va global savdoni buzishi mumkin.

Global karantin fonida global iqtisodiyot global inqirozga yuz tutmoqda. Xususan, zavodlarning yopilishi va havo qatnovining pasayishi biznes faolligi indeksining pasayishiga olib keladi. Masalan, Yevrozonada bu ko‘rsatkich 1998-yildan beri minimal darajaga tushib ketdi.

Chatham House vujudga keladigan tahdidlarni o‘rganish bo‘yicha direktori Tim Bentonning so‘zlariga ko‘ra, logistika uzilishi va odamlarning vahimasi global ko‘lamdagi muammolarga olib kelishi mumkin.

Uning ta’kidlashicha, barcha mamlakatlar rahbarlari birgalikda va jamoaviy tarzda ishlashlari kerak.

"Agar ular o‘z davlatlarini birinchi o‘ringa qo‘ysalar, bu barcha uchun yomon intiqom bilan tugashi mumkin", - deydi tahlilchi.