16 aprelgacha karantin tugamasa, xodimning ishi taqdiri nima kechadi?

24 martda mehnat ta’tili olgan xodim 16-aprelda ishga chiqishi kerak. Bu paytga kelib vaziyat o‘nglanmasa, nima bo‘ladi?
Sputnik

TOShKENT, 26 mar — Sputnik. Agar karantin choralari 16-apreldan keyin ham davom ettirilsa, bu vaziyatda xodim ish beruvchi bilan kelishib, masofadan turib ishlashi mumkin. Bu haqda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining matbuot kotibi Shahnoza Ravshanova AOKA huzuridagi shtabda bo‘lib o‘tgan brifingda ma’lum qildi.

“Agar 16-aprelgacha karantin va cheklov tadbirlari amalda bo‘ladigan bo‘lsa, xodim ish beruvchi bilan kelishib, faoliyat turidan kelib chiqib yo masofadan ishlashi, yo to‘liq bo‘lmagan ish rejimiga o‘tkazilishi yoxud o‘z hisobidan ta’til olishi mumkin”, - dedi u.

Ravshanova bularning bari xodimning roziligi asosida amalga oshirilishini qo‘shimcha qildi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirus sabab joriy etilgan karantin davrida aksariyat korxona va tashkilotlar hamda muassasalar faoliyatini vaqtincha to‘xtatmoqda. Ishchi-xodimlarga vaziyat tushuntirilib, ularga ta’til berilmoqda.