O‘zbekiston koronavirusni aniqlaydigan o‘zining test tizimini ishlab chiqdi

Ilg‘or texnologiyalar markazining biotexnologlari ishlab chiqqan ushbu test tizimining afzalligi uning tezkorligidadir.
Sputnik

TOShKENT, 25 mar — Sputnik. O‘zbek olimlari COVID-19 koronavirusini aniqlash bo‘yicha test tizimini ishlab chiqdi. Bu haqda Innovatsion rivojlanish vazirligi xabar qildi.

Ilg‘or texnologiyalar markazining biotexnologlari o‘z ishlarini innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonovning topshirig‘iga binoan bir oy oldin boshlashgan edi.

“Test sistemasi COVID-19 virusi genomining uch uchastkasining PSR usulidagi tahlilga asoslangan va bu o‘zbek olimlari tomonidan ishlab chiqilgan test sistemasining xususiyati bo‘lib, hozirgi kunda xizmatlarimizdagi mavjud bo‘lgan testlar faqat bir uchastka tahliliga asoslangan”, - deyilgan xabarda.

O‘zbekiston koronavirusni aniqlaydigan o‘zining test tizimini ishlab chiqdi

Ta’kidlanishicha, test JSST hamda Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazi tavsiyalari asosida ishlab chiqilgan.

“JSST tavsiyalariga ko‘ra, birinchi navbatda koronavirus testi asosiy sinov sifatida amalga oshiriladi va keyin uni tasdiqlash uchun COVID-19 genomining yana ikkita qismida test o‘tkazilishi kerak. Yakuniy bosqich aniqlangan shtammni tartiblashdan iborat, bu virusning mutatsiya darajasini aniqlash uchun muhimdir, chunki boshqa tez tarqaladigan viruslar tufayli COVID-19 virusi mutatsiyalarga uchraydi”, - deydi ishlab chiqaruvchilardan biri, biologiya fanlari doktori Alisher Abdullayev

Keyingi bosqichda test tizimini ro‘yxatdan o‘tkazish kerak. Undan keyin ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish mumkin bo‘ladi.

“Bizning markazimiz diagnostika test sistemalarini ishlab chiqarish uchun maxsus uchastkasiga ega. U yerda bizning startapchilarimizdan biri —“Biotestlab“ jamoasi ishlaydi. Startap yosh, lekin biz bunday ishlab chiqarishda tajribaga egamiz”, - deydi Ilg‘or texnologiyalar markazi direktori Shahlo Turdiqulova.

Ushbu test tizimlardan qanday foydalaniladi?

Kasallikka tashxis qo‘yish uchun inson dimog‘idan namuna olinadi, negaki aynan unda katta qismda virus to‘planadi.

So‘ngra virus RNKsi olinadi, DNK shakliga o‘tkaziladi va PSR tahlili amalga oshiriladi — butun jarayon taxminan 5-6 soat vaqtni oladi.

Olimlarning ta’kidlashicha, bu ekspress test emas, balki faqat maxsus laboratoriyalarda foydalanish mumkin bo‘lgan to‘laqonli test bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi aniqlanganlar soni 55 nafarga yetgan.